Bangladesh xalqaro tribunali sobiq bosh vazir Hasinani hibsga olishga order berdi

Jahon 19:21 / 17.10.2024 2234

Bangladesh xalqaro jinoiy tribunali mamlakat sobiq bosh vaziri Shayx Hasinani hibsga olishga order berdi, deb yozadi BBC. U avgust oyidagi ommaviy norozilik namoyishlari tufayli Hindistonga qochib ketgandi.

Bangladeshni 20 yildan ortiq boshqargan sobiq bosh vazir yuzlab odamlar halok bo‘lgan namoyishlar chog‘ida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»ga aloqadorlikda ayblanib, tribunal tomonidan qidirilmoqda.

Hibsga olish orderi, shuningdek, hukumatning mamlakatdan qochib ketgan qator sobiq vazirlariga ham berilgan.

Iyul oyidan Bangladeshni ommaviy namoyishlar qamrab olgandi: talabalar davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yildan Pokistondan mustaqillikka erishish uchun bo‘lgan urush faxriylarining qarindoshlari uchun zaxira qilinishini ko‘zda tutuvchi kvotalar tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan.

2018 yilda bosh vazir Shayx Hasina hukumati tomonidan bekor qilingan kvotalar tizimi iyun oyida quyi instansiya sudi tomonidan yana tiklangan va bu jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Talabalar bu tartibni diskriminatsiya deb atagan va ishga qabul har bir alohida nomzodning malakasiga asoslanishini talab qilgan.

Avvaliga faqat talabalar ishtirok etgan namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyilib ketdi. Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, norozilik namoyishlarida 1000 dan ortiq inson halok bo‘lgan.

77 yoshli Hasina qochib ketganidan beri ommaga ko‘rinish bermadi. Uni oxirgi marotaba Hindiston poytaxti yaqinidagi aviabazada ko‘rishgan — sobiq bosh vazir u yerda vertolyotda yetib borgan. Hasina avvaliga tez orada Hindistonni tark etishi kutilgandi, ammo u mamlakatdan boshpana olishga muvaffaq bo‘lgan.

Bangladeshning yangi hukumati Hasinaning diplomatik pasportini bekor qilgan. Shuningdek, Bangladesh va Hindiston o‘rtasidan ekstraditsiya bo‘yicha ikki tomonlama bitim bor. Ammo vaziyat «siyosiy xarakterga» ega bo‘lsa, bu boradagi so‘rov rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: