AQShda 5 noyabr kuniga belgilangan prezidentlik saylovlariga uch hafta qolganida, respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamala Harrisning g‘oliblik uchun imkoniyatlari taxminan tengligicha qolmoqda. So‘rovlarga ko‘ra, amaldagi vitse-prezident Oq uyning sobiq xo‘jayinini biroz ortda qoldirmoqda, lekin Harris hozircha o‘zi uchun muhim bo‘lgan lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar jamoalarida simpatiya uyg‘otishda qiynalmoqda.
Ikki nomzod ham faol saylovoldi kampaniyasi olib bormoqda va bir-birining manziliga ayblovlar yo‘llamoqda.
BBC so‘nggi kunlardagi eng muhim voqealarni keltirdi.
ABC News telekanali va 538 sayti o‘tkazgan so‘nggi so‘rovnoma ko‘rsatishicha, Harris uchun amerikaliklarning 48 foizga yaqini, Tramp uchun - 46 foiz atrofidagi qismi ovoz berishga tayyor.
Ammo saylovlar taqdiri nomzod saylovchilar orasida ko‘proq mashhurligiga emas, balki saylovchi delegatlar soniga bog‘liq, muayyan shtatda ko‘p ovoz olgan nomzodga shu shtatdagi ovozlarning barchasi beriladi. Shuning uchun, bor e’tibor nomzodlar orasidagi farq juda kichik bo‘ladigan ikkilanuvchi shtatlarga qaratilgan.
Hozirda yettita ikkilanuvchi shtatda ham nomzodlar orasidagi farq juda yaqin, shu tufayli poygada aslida kim yetakchilik qilayotganini aytib bo‘lmaydi.
So‘rovlar haqida batafsil mazkur havola orqali kuzatish mumkin (u yangi ma’lumotlar kelishi bilan yangilab boriladi).
Tramp «sun’iy urug‘lantirish otasi» ekanini aytdi
Tramp va Harris o‘rtasidagi oxirgi «aytishuv» chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi.
Ayollardan iborat auditoriya qarshisida chiqish qilgan Trampdan ayollarning o‘z tanalariga egalik qilish huquqini qanday kafolatlashi haqida so‘rashdi. Bu savolga aniq javob bo‘lmadi.
Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi chog‘idayoq ayollarning federal darajadagi abort huquqini bekor qilish uchun AQSh Oliy sudiga o‘z odamlarini tayinlashini va’da qilgandi.
U o‘z so‘zida turadi — va 2022 yilda AQSh Oliysud 1973 yilgi «Rou Ueydga qarshi» ishi bo‘yicha tarixiy qarorini bekor qiladi. Qaror AQSh Konstitutsiyasida belgilangan shaxsiy daxlsizlik huquqi ayolning homiladorlikni to‘xtatish imkoniyatini himoya qilishini anglatardi.
Shundan keyin ayollarning abort qilish huquqi AQShning alohida shtatlari tomonidan tartibga solinadigan bo‘ldi — va ularning ayrimlari ko‘p hollarda homiladorlikni to‘xtatishni taqiqlashni joriy qilgan.
2024 yilgi saylov kampaniyasida abort huquqi eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘lmoqda.
Shundan so‘ng, Trampdan ayollarning ekstrakorporal urug‘lantirish texnologiyasidan foydalanish imkoniyati haqida so‘rashdi — va u bunga javoban o‘zini «EKO otasi» deb atadi.
«Biz EKOning haqiqiy tarafdorimiz, biz har jihatdan urug‘lantirish tarafdorimiz va demokratlar bizni tanqid qilishga uringan bo‘lsa ham, biz EKO masalalari bilan ulardan ko‘ra ko‘proq shug‘ullanamiz, shunday ekan, biz barchamiz buning tarafdorimiz», — deya davom etgan prezidentlikka nomzod.
Fevral oyida Alabama sudi sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan yaratilgan muzlatilgan embrionlar, amalda bolalar ekani to‘g‘risida qaror chiqarganidan so‘ng, EKO saylovoldi kampaniyasidagi muhim muammoga aylandi.
«Donald Tramp o‘zini „EKO otasi“ deb ataydi, u nima demoqchi? — deya darhol savol qo‘ydi Kamala Harris X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. — Uning abortni taqiqlashi allaqachon mamlakat bo‘ylab qator shtatlarda bu protseduradan foydalanish imkoniyatini savol ostida qoldirgan, uning saylov dasturi esa EKOga butkul barham berishi mumkin».
Tramp diskoteka e’lon qildi, Harris u sog‘lomligiga umid qilmoqda
Harris va Tramp o‘rtasidagi yana bir sirtqi tortishuv dushanba kuni respublikachilar nomzodining Pensilvaniyada o‘tkazilgan saylovoldi mitingi kadrlari «virus»dek tarqalishi ortidan ro‘y berdi. Unda Tramp auditoriyadan kelayotgan savollarga javob qaytarishni to‘xtatgani va buning o‘rniga yarim soat davomida sahnada musiqa ohanglariga raqs tushganini ko‘rish mumkin.
«Kelinglar, savollarga boshqa javob bermaymiz. Kelinglar, shunchaki buni musiqa festivaliga aylantiramiz. Savollar kimga ham kerak, shunday emasmi?» — degan Tramp yig‘ilganlarning jo‘shqin hayqiriqlari ostida.
Kamala Harrisning shtabidagilar bu holat yuzasidan Trampning xayoli faromush ko‘ringanini qayd etishgan, Harrisning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida «Umid qilamanki, u bilan barchasi joyida» deya post qoldirgan.
Bundan oldinroq Harris o‘zining tibbiy kartasini e’lon qilgan va Trampni ham shunday qilishga chaqirgandi.
Harrisning so‘zlariga javoban, Trampning matbuot kotibi 78 yoshli nomzodning energiya zaxirasi har qanday siyosatchinikidan ko‘proq ekanini aytdi.
Avvalroq Trampning kampaniyasidagilar u «hali siyosat tarixida misli ko‘rilmagan darajadagi tig‘iz taqvimdagi faol saylovoldi kampaniyasi olib borayotgani»ni bildirgandi.
Qayd etilishicha, Harrisning kampaniyasida bu qadar ko‘p tadbirlar belgilanmagan, chunki u «prezident Tramp kabi bardoshli emas».
Prezidentlikka nomzodlarning salomatligi masalasi demokratlarning Oq uy rahbarligi uchun nomzodi 81 yoshli Jo Bayden bo‘lganida kun tartibida turgandi. U aynan shu boradagi xavotirlar tufayli o‘z o‘rnini Harrisga bo‘shatib bergandi.
Harris hozircha ko‘plab lotin amerikaliklar va qora tanlilarni ishontira olmadi
Ekspertlar Harrisning asosiy siyosiy muammolaridan biri sifatida uning nomzodi lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayotganini ko‘rsatishadi. 2016 va 2020 yillardagi prezidentlik kampaniyalari vaqtida Donald Tramp ularni muvaffaqiyat bilan o‘z tomoniga og‘dira olgandi.
New York Times gazetasi va Siena markazi o‘tkazgan so‘rovlardan biriga ko‘ra, Harrisni qora tanli amerikaliklarning 78 foizga yaqini qo‘llamoqda — so‘nggi saylovlarda esa mazkur demografik guruhning 90 foizga yaqini demokratlarga ovoz bergandi. Qo‘llab-quvvatlovdagi bunday pasayish asosan erkaklar fikri tufayli bo‘lgan.
Shu bilan birga, New York Times nashri yozishicha, 2016 yilda prezidentlikka demokratlardan nomzodni lotin amerikaliklarning 68 foizi qo‘llagan, 2020 yilda bu ko‘rsatkich — 62 foizni tashkil etgan, hozir esa, so‘rovlarga ko‘ra, ularning faqat 56 foizi demokratlarni qo‘llashga tayyor.
Bu birinchi navbatda iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq, demoqda ekspertlar, ammo lotin amerikaliklar va afroamerikaliklarning jamoalari vakillari migratsiya va ijtimoiy masalalarda (siyosiy to‘g‘rilik va erkaklarning jamiyatdagi o‘rni kabi) ham Tramp bilan hamfikr.
Lotin amerikalik va afroamerikalik saylovchilarning kattagina qismi hozirgi hukumat boshqaruvi davrida inflatsiya hamda kun kechirish narxi oshganidan norozi va «Tramp iqtisodiyoti»ni yaxshi eslaydi.
«Mening jamoamda boshqa lagerga o‘tishga qaror qilgan odamlar ko‘p. Ko‘pchilik endi faqat iqtisodiy sabablarga ko‘ra Trampga ovoz beradi, — deydi BBC uchun intervyuda Nevadada yashovchi sobiq respublikachi, bu saylovda Harrisni qo‘llayotgan Diyego Aransiviya. — Ular u bilan hech qachon birga pivoxo‘rlik qilmagan bo‘lardi, ammo ular unda iqtisodiy ko‘tarilish uchun instrumentlar bor deb o‘ylashmoqda».
Yana bir muhim masala — bu immigratsiya va chegara nazorati.
Trampning saylovoldi dasturidagi markaziy band doimo chegarada nazoratni kuchaytirish va millionlab noqonuniy muhojirlarni deport qilish va’dasi bo‘lib kelgan.
BBC jurnalistlari gaplashgan ayrim qora tanli saylovchilar fikricha, AQShga siyosiy boshpana so‘rab kelgan odamlar va boshqa xorijliklar qora tanlilarning jamoalaridan ular o‘nlab yillar davomida so‘rab kelgan resurslarni olib qo‘ymoqda.
Trampning o‘zi buni Amerikadagi lotin amerikaliklar va afroamerikaliklar jamoalariga «katta salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan» migrantlar «bosqini» deb atadi.
Arizona va Nevada kabi ovozlar muhim bo‘lgan shtatlarda lotinamerikalik saylovchilar soni mos ravishda 25 va 20 foizdan, muhim shtatlardan biri Jorjiyadagi saylovchilarning 30 foizini — qora tanlilar tashkil etadi. Shu tufayli, nomzodlar o‘rtasida minimal tafovut bo‘lgan taqdirda, aholining aynan shu guruhlari ovozi hal qiluvchi bo‘lib chiqishi mumkin.
Dushanba kuni Harris ushbu tendensiyani o‘zgartirish va bu toifadagi saylovchilarning ko‘proq qismini o‘z tomoniga og‘dirish maqsadida shtabi tomonidan «qora tanli erkaklar uchun imkoniyatlar kun tartibi» deb atalgan takliflar ro‘yxatini e’lon qildi.
Bundan tashqari, u muhim shtatlardagi qora tanli tadbirkorlar va mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazish niyatida.
Tramp esa, jamoatchilik o‘rtasidagi so‘rovlarga tayangan holda, «qora tanlilar va lotin amerikaliklar orasidagi tarafdorlarimiz to‘lib yotibdi va bu menga yoqadi» deyishda davom etmoqda.
Fox News’ga intervyu
Chorshanba kuni Kamala Harris konservativ Fox News telekanaliga intervyu berib, o‘z raqibi Donald Trampni qo‘llayotgan respublikachi saylovchilarga o‘z so‘zlarini yetkazishga harakat qildi.
Fox boshlovchisi Bret Bayyer bilan intervyu ancha keskin kechdi. Xususan, Harris bir necha marta boshlovchi gapini bo‘lib qo‘yib, yangi savollarni berishni boshlaganida, undan o‘z javobini oxiriga yetkazishga qo‘yib berishni so‘radi.
«Mening hokimiyatda bo‘lishim Jo Bayden prezidentligi davomi bo‘lmaydi va lavozimga kirishadigan har bir prezident kabi men ham o‘z hayotiy va kasbiy tajribalarimni, shuningdek, yangi g‘oyalarimni olib kiraman. Men yetakchilarning yangi avlodi vakiliman», — degan 59 yoshli Harris Fox boshlovchisi o‘tgan haftada ABC News uchun bergan intervyusidagi gaplari yuzasidan izoh so‘raganida.
O‘shanda siyosatchiga o‘z prezidentligi davrida Baydenning to‘rt yilidan nimasi bilan farq qilishi haqida savol berilgandi. «Xayolimga hech narsa kelmayapti», — deya tan olgandi u, keyinroq esa uning prezidentlik ma’muriyatida raqobatchi Respublikachilar partiyasi vakillari ham bo‘lishini aytgandi. «Siz boya Jo Bayden va men o‘rtamdagi farqlarni so‘raganmidingiz? Mana shu farqlardan biri bo‘ladi», — deya qayd etgandi Harris.
Fox jurnalisti uning kampaniyasining saylovoldi shiorlariga e’tibor qaratgan: «oldinga yangi yo‘l» va «sahifani yopish vaqti keldi», shundan keyin Bayden davrida uch yarim yil davomida vitse-prezident bo‘lgan Harris qanday sahifani «yopmoqchiligi»ni so‘radi. Siyosatchi esa Donald Trampning «mamlakatni bo‘lib tashlash»ga urinishlari haqidagi «sahifani yopmoqchiligi»ni bildirgan.
«Amerika prezidentining kuchi shundaki, u ko‘pchilikni ajratadigan narsalardan ko‘ra umumiylashtiradigan narsalar ko‘proqligini biladi», — deya qayd etgan u.
Trampning shtabi vakillari Harrisning Fox News uchun bergan intervyusini halokatli deb atagan.
«Kamala g‘azablangan, mudofaa pozitsiyasini egallagan va yana bir bor amerikaliklar to‘qnashadigan muammolar uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilgan», — degan Trampning matbuot kotibi Kerolayn Livitt.
«Kamala hech narsani o‘zgartirmaydi», — deya yozgan sobiq prezidentning o‘zi o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida kapslokni bosgan holda.
Washington Post respublikachilarga moyil bo‘lgan Fox telekanaliga intervyu berish Harris tomonidan tavakkalchilik bo‘lganini qayd etgan.