2025 yilda budjetdan ta’lim va sog‘liqni saqlash uchun xarajatlar 20 foizga ko‘paytiriladi

O‘zbekiston 18:17 / 17.10.2024 3961

Qayd qilinishicha, o‘tgan 9 oyda iqtisodiyot 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakunigacha kamida 6 foiz o‘sish kutilmoqda. Oltin-valuta zaxirasi bu yil ilk bor 40 milliard dollardan oshdi. Aholining milliy valutadagi depozitlari 50 foiz o‘sdi.

Tashqi investorlar ishonchi ortgani tufayli xalqaro bozorlarda 4 milliard dollarlik yevrobond joylashtirildi. Natijada bu yil investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan oshadi. Eksport qariyb 19 foiz o‘sishi kutilyapti.

Yig‘ilishda iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan holatda budjet daromadlarini ko‘paytirishning birdan bir yo‘li – soliq ma’murchiligini takomillashtirish ekani qayd etildi.

Davlat rahbari bu tadbirkorlar faoliyatiga aralashish orqali emas, balki raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yashirin iqtisodiyotni «soya»dan chiqarish hisobiga bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda 2025 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar ham ko‘rib chiqildi.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyat borligi qayd etildi. Buning uchun rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi. Imtiyozlarning samaradorligini ko‘rib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kelgusi yilda 78 ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkaziladi. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50 foizi ularning o‘zida qoldiriladi.

Ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘larni 20 foizga ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2025 yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: