16 oktyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy Radada chiqish qilib, Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha o‘z «g‘alaba rejasi»ni ilk bor ommaga rasman taqdim etdi. Reja beshta band va ularga uchta ilovadan iborat. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, taklif qilinayotgan strategiya urushdan keyin mamlakat «muskuldor» bo‘lishi uchun Ukraina va uning pozitsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan. Ukraina prezidenti ishonch bildirishicha, mamlakat ushbu rejani hamkorlar bilan birgalikda amalga oshira oladi va bu «Rossiyaga bog‘liq emas». Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar strategiya bandlarini hozirdan amalga oshirish boshlansa, urushni 2025 yildan kechiktirmay yakunlash mumkin. Uning nutqi matni prezident ofisi tomonidan e’lon qilingan.
«G‘alaba rejasi»ning birinchi bandi geosiyosatga aloqador, ikkinchi va uchinchi bandlari harbiy sohaga, to‘rtinchisi — iqtisodiyot, beshinchisi — xavfsizlikka. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «urushni yakunlash» uchun dastlabki to‘rt bandni urush vaqtidayoq amalga oshirish zarur, beshinchi band esa urushdan keyingi davrga taalluqli.
Radada rejani taqdim qilish vaqtida bosh vazir Denis Shmigal, mudofaa vaziri Rustem Umerov, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk hamda mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov hozir bo‘lishdi.
«Putin qulog‘ini kar qilib olgan, ammo Rossiya tinchlikka majbur bo‘lishi uchun ukrainlar vaziyatni o‘zgartirishi lozim», — degan Zelenskiy chiqishi boshida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning birorta ultimatumi ma’noga ega bo‘lmaydi.
Birinchi punkt. Ukrainaning NATOga taklif etilishi
«Rossiya o‘nlab yillar davomida Yevropadagi geosiyosiy noaniqlikdan, aynan aytilsa — Ukraina NATO a’zosi emasligi faktidan foydalanib keldi. Aynan shu omil Rossiyada bizning xavfsizligimizga tajovuz qilish vasvasasini uyg‘otdi. Endi Ukrainani NATOga taklif qilish fakti chindan ham tinchlik uchun asos bo‘lishi mumkin. Biz NATO a’zoligi — hozir emas, kelajak ishi ekanini tushunamiz. Ammo Putin o‘zining geosiyosiy hisob-kitoblari yutqiziqda ekanini ko‘rishi kerak. Rossiyaliklar ularning shohi geosiyosiy jihatdan mag‘lub bo‘lganini his qilishi lozim», — degan Zelenskiy.
Taklif — qat’iyatdan boshqa hech narsa talab qilmaydigan kuchli qaror. Va bugungi kunda taklifning o‘zi NATOning o‘zidan ko‘proq narsani anglatadi. NATO masalasidagi qat’iylik Ukraina uchun yevrointegratsiya muqarrarligi va Ukrainada demokratiyaga muqobil yo‘qligini ham anglatadi. Aynan shuning uchun ham bu g‘alaba rejasining boshlang‘ich bandidir. Qat’iylik dalili. Taklif hozirning o‘zida bo‘lishi shart. Bu hamkorlar aslida Ukrainaning xavfsizlik arxitekturasidagi o‘rnini qanday ko‘rishiga ishonchdir.
Ikkinchi punkt. Mudofaa
«Bu Ukrainaning tajovuzkorga qarshi mudofaasini ortga qaytmas qilib mustahkamlashdir. Bu real maqsad — pozitsiyalarimizni Ukrainadagi jang maydonida va xuddi shu vaqtda urushni Rossiya hududiga qaytarish, shunda rossiyaliklar urush nimaligini his qilishlari va Rossiya propagandasiga qaramay, nafratni Kreml tomonga yo‘naltirishlari mumkin», — degan Ukraina prezidenti. U ukrain harbiylari uchun zarur bo‘lgan «qurollarning aniq ro‘yxati» mavjudligini qayd etgan. Zelenskiy «Kursk operatsiyasi tufayli biz Ukraina chinakamiga qattiq hujum qiladigan bo‘lsa, Putinda dosh berish uchun yetarlicha kuch yo‘qligiga guvoh bo‘lganimiz»ni ta’kidlagan.
Zelenskiy «g‘alaba rejasining ikkinchi bandini amalga oshirishning kaliti» quyidagi qadamlar bo‘lishini aytgan:
— Ukraina hududida bufer zonalar yaratilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun RFning muayyan hududlarida Ukraina qurolli kuchlari amaliyotlarini «muvaffaqiyatli davom ettirish»;
— Ukraina qurolli kuchlari «pozitsiyalarini butunlay mustahkamlash» va «Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarida Rossiyaning yurish qilish salohiyatini yo‘q qilish»;
— «Ukraina qurolli kuchlari uchun zaxira brigadalarini qurollantirishda hamkorlar yordami»;
— Ukrainadagi aholi yashash manzillarini Rossiya zarbalaridan himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa kuchlarini kuchaytirish, shuningdek, Ukrainaning Yevropadagi qo‘shnilari bilan «hamkorlarning havo qalqoni yetib bora oladigan masofalarda» raketa va dronlarni yo‘q qilish bo‘yicha «qo‘shma mudofaa amaliyotlari»;
— Ukraina raketalari va dronlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan operatsiyalarni kengaytirish, ularni Ukrainada ishlab chiqarishni oshirishga investitsiyalar kiritish;
— «hamkorlar tomonidan Ukrainaning bosib olingan hududlari va Rossiya hududida harbiy infratuzilma obektlari bo‘ylab uzoq masofali raketalardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash hamda Ukrainani uzoq masofali raketalar, dronlar va boshqa zarba berish vositalari bilan ta’minlash»;
— «Ukrainaga sun’iy yo‘ldosh va boshqa razvedka vositalari orqali olingan ma’lumotlarni real vaqt rejimida taqdim etish».
Zelenskiy «g‘alaba rejasi»ning ushbu qismining har bir kichik bandi Ukraina o‘z maqsadi deb hisoblaydigan ma’lumotlarni ichiga olgan. Rejaning mudofaa punktida maxfiy ilova ham mavjud bo‘lib, bu «tegishli harbiy yordam ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘lgan tomonlar»ga yuborilgan, degan Zelenskiy.
Uchinchi punkt. Tiyib turish
Ukraina o‘z hududiga Ukrainani Rossiyadan keladigan har qanday harbiy tahdiddan himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan va Rossiya harakatlarining o‘zgaruvchanligini quyidagi shakllarda qisqartiradigan kompleks noyadroviy strategik tiyib turish paketini joylashtirishni taklif qilmoqda: yoki urushni yakunlash uchun adolatli diplomatik jarayonga qo‘shiladi, yoki Ukraina tomonidan belgilangan harbiy maqsadlarga muvofiq taqdim etilgan tiyib turish paketini qo‘llanishi natijasida tajovuzkor urushni davom ettirish qobiliyatidan mahrum bo‘lishi kafolatlanadi.
Bu punktda ham maxfiy ilova mavjud bo‘lib, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya rahbarlari bundan xabardor qilingan.
To‘rtinchi punkt. Strategik iqtisodiy salohiyat
«Ukrainada tabiiy resurslar, xususan, trillionlab dollarga baholanadigan o‘ta muhim metallar jamlangan. Bular, uran, titan, litiy, grafit va boshqa strategik qimmatli resurslar bo‘lib, ular yoki Rossiya va uning ittifoqchilari, yoki Ukraina va demokratik dunyoni global raqobatda mustahkamlaydi. Ukrainadagi muhim resurslar konlari, Ukrainaning energiya va oziq-ovqat yetishtirishdagi global salohiyati Rossiyaning urushdagi eng asosiy maqsadlaridan biri», — degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSh va boshqa muayyan hamkorlar, xususan, Yevroittifoqqa, «Ukrainadagi muhim resurslarni birgalikda himoya qilish, birgalikda investitsiya kiritish va tegishli iqtisodiy salohiyatdan foydalanish bo‘yicha maxsus kelishuv» tuzishni taklif qiladi.
Strategiya punktida ham maxfiy ilova bo‘lib, «faqat ma’lum sheriklar»ga ko‘rsatilgan.
Beshinchi punkt. Urushdan keyingi davr
«Urushdan keyin Ukraina eng tajribali va eng yirik harbiy kontingentlardan biriga ega bo‘ladi. Bu odamlar — zamonaviy urushning haqiqiy tajribasiga, G‘arb qurollaridan foydalanish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga hamda NATO harbiylari bilan turlicha hamkorlik tajribasiga ega bo‘lgan askarlarimizdir. Ukrainaning bu tajribasidan ittifoq mudofaasini kuchaytirish va Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun foydalanish kerak», — degan Zelenskiy. U urushdan keyin AQSh qurolli kuchlarining Yevropada joylashtirilgan ayrim harbiy kontingentlarini ukrain bo‘linmalariga almashtirishni taklif qilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilgan «g‘alaba rejasi» — bu «Kremldagi aqldan ozgan odamlar urushni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi kafolati», «Ukraina uchun yashab qolish kafolati» va «shu bilan bir vaqtda — Yevropa uchun xotirjamlik kafolati»dir.
«Rossiya Ukraina ustidan nazoratni abadiyga yo‘qotishi va hattoki bunday nazoratga bo‘lgan istagini ham yo‘qotishi lozim, — deyilgan Zelenskiyning telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda. — Bu Ukraina uchun hayot kafolati. Va shu bilan bir vaqtda — Yevropa uchun tinchlik kafolati. Va bunga erishishimiz uchun sizdan Ukraina birdamligi uchun, Ukrainaning hamkorlar bilan birdamligi uchun ishlashingizni, hamkorlarni ishontirishingizni so‘rayman. Tinmay ishlashni».
Zelenskiy 17 oktyabr kuni «g‘alaba rejasi» Yevropa kengashi yig‘ilishida taqdim etilishini bildirgan.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning «g‘alaba rejasi»ga izoh berarkan, Ukraina strategiyasini «o‘zgaruvchan tinchlik rejasi» deb atagan. «Katta ehtimol bilan, bu amerikaliklarning o‘sha biz bilan oxirgi ukrain qolgunicha urushish rejasi bo‘lib, Zelenskiy uni „tinchlik rejasi“ deb atayapti. U yerda qandaydir boshqa reja yo‘q. Ammo chinakamiga tinchlikka qaratilgan boshqa rejasi ham bo‘lishi mumkin: bu Kiyev rejimi o‘zi olib borayotgan siyosat istiqbolga ega emasligini anglashi bo‘ladi», — degan Kreml vakili. U Kiyevdagi hukumat «hushyorlashishi va Ukrainadagi mojaroga olib kelgan sabablarni anglab yetishi kerakligi»ni qo‘shimcha qilgan.