Bu ro‘y berdi. O‘zbekistonlik 20 yoshli himoyachi Abduqodir Husanov nihoyat «Manchester Siti» futbolchisiga aylandi. Tomonlar 2029 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnomani imzolashgan.
«Lans» safidan tumanli albionga o‘tgan futbolchi o‘ziga bir vaqtlar Mario Balotelliga tegishli bo‘lgan 45-raqamli futbolkani tanladi. Uning o‘zi klub saytiga bergan intervyusida bu raqamni tanlashi Belarusda professional futbolni boshlaganida shu 45-raqamda o‘ynagani bilan izohlagan.
U intervyuda «Manchester Siti»da dunyoning eng yaxshi futbolchilari yig‘ilgani va ular bilan birgalikda maydonga chiqishini sabrsizlik bilan kutayotgani, Pep Gvardiolani — barcha davrlarning eng yaxshi murabbiylaridan deb bilishini va undan o‘z o‘yinini yaxshilash uchun ko‘p narsa o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘layotganidan mamnunligini ta’kidlab o‘tgan. «Men va oilam uchun bunday buyuk klubga qo‘shilish katta faxr beradi va men bu chaqiriqqa tayyorman», — degan futbolchi.
15 klub qiziqqan, jumladan «Real» ham
Husanov yangi mavsum boshida porlay boshladi va «Lans» mudofaasi yetakchisiga aylandi. Dekabrga kelib u Yevropaning top-klublari nazariga tushdi, fransuz nashrlari dastlab «Chelsi» va «Nyukasl» tomonidan qiziqish haqida xabar berishdi, yanvar oyiga kelib Sky Spors da’vogarlar ro‘yxatiga «Manchester Siti»ni qo‘shdi, Ispaniyaning AS nashri esa — Madrid «Real» klubini. Shuningdek, OAVda «Yuventus», «Milan», «Bayyer», «Borussiya», «Tottenhem», «Leypsig» va boshqa klublar ham futbolchi uchun kurashga qo‘shilgani to‘g‘risida xabarlar chiqib turdi — bunday klublar soni 15 ga yaqin edi.
Ko‘p o‘tmay haqiqiy da’vogarlar ikkita ekani oydinlashdi — «Real» va «Siti». Manchester klubi bu qishda inqirozdan chiqish maqsadida keng ko‘lamli xaridlarni amalga oshirmoqda va ma’lumotlarga ko‘ra, buning uchun 200 million yevro sarflashga tayyor. Husanov ushbu strategiyaning bir qismi bo‘ldi: u mudofaa markazidagi muammolarni yopishga chaqirilgan.
«Real»ga ham himoyachi kerak edi: Eder Militaoning jarohati klubni muhim futbolchisiz qoldirdi, uning o‘rniga ko‘rib chiqilgan «Tottenhem»dagi Mikki van de Ven yoki «Leypsig»dagi Kastello Lukeba nomzodlari esa qimmatlik qildi (60 million yevrodan).
«Siti» bu raqobatda g‘olib chiqishida ham moliya asosiy rolni o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Nufuzli insayder Fabritsio Romano bergan ma’lumotga ko‘ra, «shaharliklar» transfer uchun «Lans»ga 40 million yevro to‘laydi, bonuslar bilan bu miqdor 50 million yevroga yetishi mumkin. «Real» katta ehtimol bilan bunday taklif bera olmagan.
Top-klublar nima uchun talashdi?
Chunki u juda zo‘r ko‘rsatkichlarga ega. Husanov — to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha Yevropada tengsiz (har 90 daqiqaga o‘rtacha 2,54 marta), yakkakurashda ustun kelish bo‘yicha eng yaxshilardan biri (har 90 daqiqaga o‘rtacha 2,44 marta), shuningdek juda tez yuguradi, bu mavsumdagi eng yaxshi natijasi - soatiga 37 kilometrga yetgan; o‘yinni yaxshi o‘qiydi va o‘zini ham, raqibini ham ayamay to‘pga tashlanadi, lekin qoidani buzmagan holda podkatlarda samarali harakat qiladi.
«Siti» himoyachilari bilan solishtirganda ham Husanovning statistikasi yaxshiroq: u barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Stounz, Akanji va Diashdan oldinda. To‘pni olib qo‘yish bo‘yicha Husanov Yevropadagi eng yaxshi 1 foiz futbolchi qatorida. To‘p yo‘nalishini to‘sishda eng yaxshi ko‘rsatkich «Siti» futbolchilari orasida Diashda - bir o‘yinga o‘rtacha 0,99, Husanovda esa 2,4. Havodagi duellarda g‘olib chiqish bo‘yicha Stounz jamoaning eng yaxshisi - har o‘yinda o‘rtacha 1,64 marta, Husanovda esa 2,58 marta.
Ammo unda kamchiliklar ham yo‘q emas: Husanov pleymeyker hisoblanmaydi va hozircha zamonaviy himoyachilardan hujumda faol bo‘lish bo‘yicha talablarga to‘la javob bera olmaydi.
Chunki Abduqodirda shu vaqtgacha ijodkorlikka vaqt bo‘lmagan — uning faoliyatida bu jihatlarga e’tibor qaratadigan klub bo‘lmagan va u birinchi navbatda raqib o‘yinini buzuvchi futbolchi sifatida o‘sgan.
Lekin u hali yosh va mashg‘ulotlarda jamoa o‘yiniga moslashishi oson bo‘ladi, qolaversa, uning transferini shaxsan Xosep Gvardiolaning o‘zi so‘ragan.
Qisqa vaqtdagi ko‘tarilish
Abduqodir Husanovning hikoyasi ta’sirli. Uning futbolchi bo‘lgan otasi Hikmat Hoshimov ko‘p yillar «Metallurg» safida o‘ynagan, O‘zbekiston milliy jamoasi libosida 15 o‘yin o‘tkazgan. U o‘g‘lini ortiqcha e’tibordan himoyalash uchun unga bobosining familiyasi bergan, Abduqodir bolaligidan otasidan namuna olgan va ota ham u «yulduzlik kasali»ga chalinishiga yo‘l qo‘ymagan.
«Bunyodkor» murabbiylari unda yetarli salohiyat yo‘q deb hisoblashgani tufayli u 16 yoshida klubni tark etgan. Ammo Abduqodir taslim bo‘lmagan: Belarusga borib, «Energetik-BGU» klubida shug‘ullana boshlagan. 18 yoshida u ushbu jamoaning asosiy futbolchisiga aylangan.
Bunga parallel ravishda u O‘zbekistonning turli yosh toifasidagi jamoalarida o‘zini ko‘rsatib, yevropalik skautlar nazariga tushgan — 2023 yilda «Lans» uni 100 ming yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan.
Shundan buyon Husanovning Transfermarkt portalidagi narxi jadal sur’atlarda o‘sdi — 2023 yildagi 400 ming yevrodan 2025 yildagi 40 million yevrogacha. «Manchester Siti» esa bu qadar katta pulni bejiz sarflamaydi.
Husanov – APL tarixidagi ilk o‘zbekistonlik. Endi u va «Manchester Siti»ning o‘yinlarini nafaqat butun O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlaridagi muxlislar ham katta qiziqish bilan kuzatishadi.