2024 yilning 15-17 oktyabr kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” MKMda charm, poyabzal, galantereya, mo‘yna, jun, qorako‘l va mahalliylashtirilgan mahsulotlar bo‘yicha "UzTextileExpo Autumn-2024" hamda "UzCharmExpoEurAsia-2024" Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va Xalq banki tomonidan tashkil etilayotgan nufuzli forum sifatida tanilgan.
Ko‘rgazma o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, biznes portfelini yangi loyihalar bilan boyitish, xalqaro brendlarni jalb qilish va sanoat eksportini oshirish maqsadida samarali muhit yaratishni ko‘zda tutib, Xitoy, Italiya, Turkiya, Eron, Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan ishlab chiqaruvchilar innovatsion texnologik yechimlarni namoyish etdi.
O‘zcharmsanoat uyushmasi boshqarma boshlig‘i Alyor Latipov sohadagi rejalar haqida ma’lumot berdi:
“Bugun 17-Xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Mazkur tadbir O‘zbekiston respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki, O‘zcharmsanoat uyushmasi birgalikda tashkil qildi. Ko‘rgazma bir yilda ikki marotaba – bahorda va kuzda o‘tkaziladi. Yildan yilga ko‘rgazmaga xorijdan keladigan hamkorlar soni oshganini ko‘rish mumkin. Masalan, poyabzal sanoatida 500 dan ortiq a’zo korxonalarimiz bo‘lsa, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar Yevropa talablariga javob beradi. O‘tgan yili xorijga eksport qilingan charm mahsulotlari 128 mln AQSh dollariga teng bo‘lsa, 2024 yilda buni 200 mln AQSh dollariga yetkazishni reja qilganmiz”, dedi u.
Ko‘rgazmada mahalliylashtirilgan mahsulotlar alohida pavilonda namoyish etildi. 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda 250 dan ortiq mahsulot turlari mahalliylashtirildi, bu importni qisqartirish va ichki bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.
“UzCharmExpoEurAsia-2024” ko‘rgazmasi Markaziy Osiyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu yil ko‘rgazmada 150 ga yaqin mahalliy va 15 dan ortiq xorijiy tashkilot va kompaniyalar, shuningdek, 2000 dan ortiq mehmon tashrif buyurdi.
Shuningdek, “UzCharmStyle-2024” xalqaro tanlovi o‘tkazilishi ham belgilab qo‘yildi. Ushbu tanlovda O‘zbekiston, Rossiya, Italiya, Turkiya, Belorus, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya va Gretsiyadan 100 dan ortiq yosh dizaynerlar ishtirok etmoqda. Tanlovning respublika bosqichida ularning yangi kolleksiyalari mahalliy korxonalarga taqdim etiladi.
Ko‘rgazma davomida xalqaro brendlarni jalb qilish, sifat sertifikatlarini joriy etish va ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish maqsadida hujjatlar imzolandi. Uch kun davomida “UzCharmExpoEurAsia-2024” ko‘rgazmasi stendlarida mahalliy ko‘nchilik, poyabzal, charm, jun va mo‘yna sanoatining eng dolzarb takliflari namoyish etildi.
Rekdama huquqi asosida