O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Forum dasturi doirasida investitsiyalarni jalb qilishning eng istiqbolli yo‘nalishlari hamda ustuvor tarmoqlarda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va tayyor loyiha takliflari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, sanoat, innovatsiya, ta’lim, turizm, transport-logistika, to‘qimachilik, qurilish hamda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvlar doirasida ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 63 ta loyiha va xususiylashtirishga taklif etilgan 21 ta obekt taqdimoti tashkil etildi.
BAA kompaniyalari rahbarlari o‘zbek tomoni bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirishdi va O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha o‘z yondashuvlari hamda rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Sanoat zonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning BAAga importini tashkil etish, muayyan yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish hamda birgalikda ish olib borish yuzasidan aniq taklif va yo‘nalishlar kelishib olindi.