OAV: Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi

Jahon 10:01 / 16.10.2024 2733

Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft emas, balki Islom Respublikasining harbiy obektlarini nishonga oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi, deb yozdi The Washington Post 15 oktyabr, seshanbaga o‘tar kechasi. Aftidan, gap ikki yetakchi o‘rtasida 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ketmoqda.

Isroilning faqat Eron harbiy obektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda «yengillik» bilan kutib olindi, deb yozadi WP. Nashrning qayd etishicha, tahlilchilar Eron neft obektlariga hujum dunyoda energiya narxining oshishiga, yadroviy inshootlarga hujum esa yanada keskinlashuvga olib kelishi va Qo‘shma Shtatlarni mojaroga tortishi mumkinligidan xavfsiragan. Bayden avvalroq Isroilni «boshqa variantlar haqida o‘ylashga» chaqirgan edi.

The Washington Post nashriga ko‘ra, Netanyahu hozir egallagan «nisbatan vazmin pozitsiya» AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi ittifoqdoshiga THAAD raketaga qarshi kuchli mudofaa tizimini yuborish qaroriga ta’sir ko‘rsatdi. Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishini ma’lum qildi.

Vashingtondagi manbaning WP nashriga aytishicha, Isroilning Eronga zarbasi AQShda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilishi kerak. Agar Isroil o‘z hududining ommaviy o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehron buni zaiflik belgisi sifatida talqin qilishi mumkin, deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar bilan maslahatlashuvlar natijasida Isroil «yaqin haftalarda» Livandagi operatsiyasini to‘xtatishini e’lon qildi, deb yozadi gazeta.

WP: Hamas Isroilga 11 sentabrdagi kabi hujum qilmoqchi bo‘lgan

Falastinning Hamas harakati jangchilari 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumdan ancha oldin Isroilda keng ko‘lamli qator hujumlar va teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan, deb yozadi The Washington Post (WP) 12 oktyabr kuni harakatning G‘azo sektoridagi qo‘mondonlik markazlarida isroillik harbiylar tomonidan aniqlangan Hamas rahbariyatining 10 ta maxfiy uchrashuvi bayonnomalariga tayanib. 

O‘nlab sahifalarda Hamasning rejasi batafsil bayon etilgan — u 7 oktyabrdagi hujumdan ancha katta. U 2001 yil 11 sentabrda AQShdagi kabi Tel-Avivda osmono‘par binoga hujum, shuningdek, temiryo‘llardagi portlashlarni o‘z ichiga oladi. WP qayd etishicha, jurnalistlar qo‘lga kiritgan 59 sahifalik xat va hujjatlar, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoriga quruqlikdan bostirib kirish boshlanganidan beri topilgan minglab hujjatlarning faqat kichik bir qismidir.

«Hamas Isroil va yahudiy xalqini yo‘q qilishga shunchalik qat’iy qaror qildiki, u Eronni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortishga muvaffaq bo‘ldi — Eron tayyor bo‘lmagan shartlar asosida», dedi Isroil xavfsizlik xizmati rasmiysi.

Ko‘proq yangiliklar: