GFR prezidenti 27 dekabrda Bundestag tarqatilishini e’lon qiladi

Jahon 16:24 / 21.12.2024 2541

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 2024 yilning 27 dekabrida Bundestagning tarqatilishi sanasini e’lon qiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan 20 dekabr, juma kuni e’lon qilingan press-relizda aytiladi. Bu qaror ishonch bildirilmagan kansler Olaf Sholsning iltimosiga binoan qabul qilindi.

Bundestagni tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin, Shtaynmayyer «federal hukumat uchun barqaror parlament ko‘pchiligini yaratish uchun hech qanday istiqbol yo‘qligiga» ishonch hosil qildi.

Olaf Shols Bundestagda ishonch bo‘yicha ovoz berishda yutqazdi

16 dekabr kuni Germaniya kansleri Olaf Sholsning federal hukumatiga ishonch bildirish bo‘yicha ovoz berishda Germaniya parlamentining 394 nafar a’zosi bunga qarshi chiqdi. Bundestagning 207 deputati hukumatni qo‘llab-quvvatladi, yana 116 nafari betaraf qoldi.

Shols koalitsion hukumatiga, jumladan, eng yirik muxolifat fraksiyasi a’zolari — Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) konservativ bloki, hukmron koalitsiyani tark etgan Erkin demokratik partiya (EDP), shuningdek, So‘l partiya va Sara Vagenknext ittifoqi (SVI) populistlari hamda «Germaniya uchun muqobil» (GuM) vakillari ishonchsizlik bildirdi. Hukumatda qolgan «yashillar» partiyasi deputatlari ovoz berishda betaraf bo‘ldi.

Ovoz berishdan oldin nutq so‘zlagan Shols ishonch masalasi faqat parlamentga tegishli emasligini ta’kidladi. «Shuning uchun bugun men barcha saylovchilarga ishonch masalasi bilan murojaat qilaman», dedi u. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, asosiy masala Germaniya kuchli davlat sifatida o‘z kelajagiga faol sarmoya kiritishga tayyormi yoki yo‘qmi, shundan iborat. Bu Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Bundesverni mustahkamlashga shoshilinch sarmoyadir, u sog‘liqni saqlash, bemorlar va qariyalarni parvarish qilish tizimi, pensiya sug‘urtasi va kommunal budjetlar hisobidan amalga oshirilmasligi kerak, dedi Shols.

Ko‘proq yangiliklar: