«Hududgazta’minot» AJ ijtimoiy tarmoqlarda gaz hisoblagichlarning batareyalari bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Telegramʼdagi «Kurbanoff.net» kanali muallifi Shuhrat Qurbonov mahalliy ishlab chiqarilgan gaz hisoblagichlarda bir necha yildan so‘ng (2 yildan 3 yilgacha) batareyalar quvvati tugashi, natijada hisoblagich tizimga ma’lumotlarni uzatishni to‘xtatishi haqida yozdi. U batareyalarni almashtirish bilan faqat gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari shug‘ullanishi mumkinligini ta’kidladi.
«Hududgazta’minot»ga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan iste’molchilardagi (batareya yoki aloqadagi muammo sabab) aloqaga chiqmayotgan elektron gaz hisoblash uskunalari (EGHU) monitoringi yuritib kelinadi. Ushbu monitoring asosida kamchilik aniqlangan EGHUlar respublikadagi 2 mingga yaqin mahalla gazchilari tomonidan o‘rganilib, muammolar hal etilmoqda. Ta’kidlanishicha, iste’molchilarning batareya yoki aloqa sim kartasi bilan bog‘liq murojaatlari zudlik bilan bartaraf etilyapti.
«Iste’molchilarga o‘rnatilgan EGHUlar xotirasi doimiy ravishda ko‘rsatkichlarni hamda 3 oylik (90 kunlik) kunlik va soatlik gaz sarfi hajmlarini saqlab borish imkoniga ega. Turli sabablarga ko‘ra EGHUdagi gaz sarfi hajmlari ma’lumotlari o‘z vaqtida iste’molchi shaxsiy hisobraqamiga yuborish imkoni bo‘lmagan taqdirda, aniqlangan muammolar bartaraf etilganidan so‘ng EGHU xotirasida ma’lumotlar qaysi kunga tegishli bo‘lsa o‘sha kunga yo‘naltiriladi va mazkur davr bo‘yicha hisob-kitob amalga oshiriladi», — deyiladi munosabatda.
«Hududgazta’minot» AJ iste’molchilardan vaqti-vaqti bilan EGHU va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirishni tavsiya qiladi. Ko‘rsatkichlar haqida «Hudud Gaz Ta’minot» mobil ilovasi orqali yoki shaxsiy kabinet orqali ma’lumot olish mumkin. Agar EGHU va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlar farq qilsa, yoki hisobraqamingizdagi mablag‘lar o‘zgarishsiz qolgani sezilsa, darhol 1104 qisqa raqamiga yoki mahalla gazchisiga murojaat qilish lozimligi eslatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2021 yil 1 avgustga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatgan holda gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni yakunlash topshirilgandi. Tender natijalariga ko‘ra, hisoblagichlar va boshqa uskunalarni yetkazib beruvchi sifatida «Texnopark» MChJ tanlangan.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan ta’sis etilgan «Texnopark» 2020 yil boshidan buyon Osten savdo belgisi ostida «aqlli» gaz hisoblagichlarni ishlab chiqarmoqda. Gazeta.uz’ga ko‘ra, 2021 yil iyuliga qadar 5,28 trillion so‘mlik (Markaziy bankning 2021 yil 1 dekabrdagi kursi bo‘yicha qariyb 507 million AQSh dollari) 3,54 million elektron gaz hisoblagichini yetkazib berish nazarda tutilgan.