Isroil mudofaasini mustahkamlayotgan AQSh, Rossiya uchun jang qilayotgan KXDR askarlari va Ukrainadan charchagan g‘arb - kun dayjesti

Jahon 14:04 / 16.10.2024 6593

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil-AQSh hamkorligi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Bayden ma’muriyatiga Eronning neft va yadroviy obektlari emas, faqatgina harbiy infratuzilmasiga zarba berish rejasini ma’lum qildi, deb yozadi The Washington Post nashri.

Isroilning Eronga javob zarbalari AQShdagi saylovlarga aralashishdek ko‘rinish olmasligi uchun juda o‘ylangan hujum bo‘ladi. Vashington bu xabarni yengil nafas chiqarib qarshi olgan va Netanyahuning pozitsiyasi ancha yumshaganini qayd etgan.

Bu orada Isroilga amerikalik harbiylar kelib THAAD zenit raketa kompleksi batareyalarini ekspluatatsiya qilish uchun dastlabki tarkibiy qismlarni o‘rnata boshlagan. Eronning 1 oktyabrdagi raketa hujumi Isroilning ko‘p maqtalgan «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi yorib o‘tilishi mumkinligini ko‘rsatgandi.

Batareya yaqin fursatlarda to‘liq jangovar shay holatga keltirilishi ma’lum qilinmoqda va aniq sanalar oshkor etilmagan. Aftidan, Eronning kelgusidagi hujumlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

AQSh qo‘llovi bilan G‘azoning kuli ko‘kka sovurilgach, Isroilga yetkazib berilayotgan Amerika qurol-yarog‘lari bilan endi Livan vayron qilinmoqda, deyiladi Guardian nashri surishtiruvida. 10 oktyabr kuni Bayrutga qilingan hujum natijasida 22 kishi o‘ldirilgan, 117 kishi yaralangan.

Vayronlar ostidan topilgan qoldiqlar raketa Amerikaning Boeing kompaniyasida ishlab chiqarilgan va «JDAM» navigatsiya tizimi bilan jihozlanganini ko‘rsatgan.

KXDR askarlari Ukrainada

AQSh shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainadagi urushga jo‘natilayotganidan tashvishda ekanini bildirgan.

Shu hafta ichida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina frontiga askar jo‘natayotgan KXDRni ayblagan. Kreml bu kabi xabarlarni «feyk» deb atagan.

AQSh milliy xavfsizlik kengashi vakili Shon Savettga ko‘ra, agar shimoliy koreyalik askarlarning urushda qatnashayotgani tasdiqlansa, bu Moskva va Pyongyang o‘rtasidagi harbiy hamkorlik yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.

«Bunday qadam Ukrainaga qarshi shafatsiz urushning jang maydonlarida sezilarli yo‘qotishlarga duchor bo‘layotgan Rossiyaning ilojsizligi ham yangi darajaga chiqqanini bildiradi», — degan Savett.

AQSh shuningdek, KXDR allaqachon Rossiyaga ballistik raketalar va artilleriya snaryadlari yetkazib berayotganini ta’kidlamoqda. Moskva va Pyongyang buni rad etib kelmoqda.

Ukraina razvedkasi Rossiya KXDRning 3 ming askardan iborat bo‘linmasini tuzib, Sharqiy Sibirda tayyorlayotganini xabar qilmoqda. BBC xabariga ko‘ra, «Shimoliy Koreya batalyoni» Kursk oblastiga Ukraina hujumini bartaraf qilish uchun tashlanishi mumkin.

Bu orada 18 nafar shimoliy koreyalik askarlar Bryansk va Kursk oblastidagi pozitsiyalardan Ukrainaga qochib o‘tgani xabar qilinmoqda. Taslim bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlarga zudlik bilan Janubiy Koreya fuqaroligi taqdim etilishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar ham yangramoqda.

G‘arbning Zelenskiyga bosimi

AQShdagi har ikkala partiya siyosatchilari Ukrainada 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlarni safarbarlikka jalb etish masalasida Zelenskiyga bosim o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Sergiy Leshenko ma’lum qildi.

«Sheriklarning asosi quyidagicha: AQSh Viyetnamda urush boshlaganida u yerga askarlar 19 yoshdan olib ketilgan. Shu bois amerikaliklar birgina g‘arbning quroli yetarli bo‘lmasligi, 18 yoshdan boshlab safarbarlikka jalb etish kerakligini ta’kidlamoqda», — deb yozadi Leshenko.

Leshenkoning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy «bunga rozi bo‘lmagan» va «har ikkala partiya siyosatchilarini chaqiruv yoshidan qat’i nazar qurol berishga ko‘ndirishni davom etyapti».

2024 yilning mayida Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirib, harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 27 yoshdan 25 yoshga tushirilgan edi.

Bir yillik harbiy xizmatga chaqirilgan 18-25 yosh orasidagi yigitlar harbiy safarbarlikka jalb etilmaydi, ular shunchaki muddatli harbiy xizmatni o‘taydi. Bu yoshdagi yigitlar faqat tinchlik davrida muddatli xizmatini o‘tagan yoki oliy harbiy bilim yurtini tamomlagan bo‘lsa, safarbarlikka jalb etiladi.

Ukrainadan charchagan g‘arb

Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen g‘arbning tobora Ukrainadan charchab borayotganidan ogohlantirgan, deb yozadi Financial Times.

Unga ko‘ra, Ukraina hududining beshdan bir qismi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilinganiga qaramasdan, tobora ko‘proq g‘arb davlatlari o‘t ochishni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qilmoqda.

U g‘arb tomonidan tiyib turishga ishonch saqlanishi uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, Valtonen Rossiyaga qarshi, ayniqsa Boltiq dengizi ekologiyasi va atrof-muhitga tahdid solayotgan «yashirin flot»ga sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirgan.

Bu orada Fransiya budjetdagi taqchillik tufayli Ukrainaga va’da qilingan 3 mlrd yevroni ajrata olmasligini ma’lum qilgan. Biroq ko‘rsatiladigan yordam 2 mlrd yevrodan oshadi, degan Fransiya mudofaa vaziri Lekornyu.

Fors ko‘rfazi davlatlari ham Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasini yoqlamayapti, deb yozadi Politico.

Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari sammiti bayonotining loyihasi nashr tahririyatiga kelib tushgan va unda Ukrainaga yordam majburiyatlari bo‘yicha bahslar ko‘zga tashlangan. Yevropa Ittifoqi Rossiya va Eronning yordamini qoralashni taklif qilgan, Fors ko‘rfazi davlatlari umumiy gap qurilmalarini tanlashgan.

Shuningdek, arab davlatlari, ayniqsa BAA sanksiyalarni aylanib o‘tishga chek qo‘yish bo‘yicha qo‘shma ishlar to‘g‘risidagi punktlarga qarshi chiqishgan. Qarama-qarshiliklarga qaramasdan, tomonlar Ukraina infratuzilmalariga raketa zarbalarini qoralashga rozi bo‘lishgan, garchi bayonot matnida Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa ham.

Kursk frontidagi vaziyat

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya armiyasining qarshi hujumi faollashgani fonida Kursk oblastidagi pozitsiyalarini qo‘ldan boy berishni boshladi, deb yozmoqda Newsweek nashri.

Nashr frontdagi vaziyatni kuzatib boradigan ochiq manbalardagi ma’lumotlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelgan.

Ukrainaning OSINT loyihasi jangovar harakatlar xaritasini e’lon qilgan. Undan ko‘rinishicha, oktyabr boshidan beri Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida 120 km kvadrat maydonni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, 65 km kvadrat so‘nggi dam olish kunlari qo‘lga kiritilgan.

Ayni vaqtda Ukraina 660 km kvadratga yaqin maydonni nazorat qilmoqda, yana 360 km kvadrat kulrang zonaga kiradi.

Tahlilchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk oblastiga amalga oshirilgan hujumning eng yuqori nuqtasi vaqtida ukrain kuchlari 900 kvadrat kilometr maydonni egallagan edi.

AQShdagi saylovlar oldidan

AQSh tarixidagi eng vayronkor to‘fonlardan biri sanalayotgan «Milton» prezidentlik poygasiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Saylovgacha sanoqli haftalar qolganida tabiiy ofat asosiy shtatlar — Florida, Shimoliy Karolina va Jorjiyaga yopirilgan. Bu demokratlar nomzodi Kamala Harrisning ovoz berishda ikkilanuvchi bu shtatlardagi pozitsiyasiga salbiy zarba berishi mumkin.

Donald Tramp ham to‘fon oqibatlarini bartaraf etish uchun sekin reaksiya qilgan Bayden ma’muriyatini qattiq tanqid ostiga olish imkoniyatini qo‘ldan boy bergani yo‘q.

Umuman olganda, Tramp ayni paytda muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha asosiy shtatlarda Harrisni ortda qoldirmoqda.

Harvarddagi Amerika siyosiy tadqiqotlar markazi so‘rovlariga ko‘ra, Donald Tramp asosiy ikkilanuvchi shtatlarda Kamala Harris ustidan biroz ustunlikka ega bo‘lmoqda: Tramda 48 foiz, Harrisda esa 47 foiz. Ushbu shtatlarning barcha saylovchilari o‘rtasida Tramp ikki foiz birligi miqdorida yetakchilik qilmoqda.

Biroq butun mamlakat bo‘ylab Harris Trampdan 8 foizga o‘zib ketgan. Harrisni saylovchilarning 51 foizi qo‘llab-quvvatlamoqchi, Tramp esa 43 foiz ma’qullovga ega. So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, saylovchilarning 45 foizi muddatidan avval ovoz bermoqchi. 50 foiz saylovchilar saylov o‘tadigan 5 noyabr kuni ovoz berishni reja qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: