Turizmdan kelayotgan daromadlar, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi davlat qarzi, tobora qimmatlashayotgan oltin — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Turizmdan qancha daromad oldik?
2023 yilda turizm sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qancha daromad keltirgani ma’lum qilindi.
2023 yilda O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan 6,6 milliondan ortiq sayyoh kelgan. Shuningdek, turizm sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2,1 milliard dollarga yaqin daromad keltirgan va 70 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratgan.
Xitoyning yetakchi Daily Economic nashriga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z oldiga 2030 yilgacha 15 million xorijiy sayyohni jalb etish singari ulkan maqsad qilib qo‘ygan.
Davlatlar zimmasidagi qarz: Markaziy Osiyodagi vaziyat
Xalqaro valuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, 2024 yilning oxirida dunyo davlatlarining qarz qoldig‘i 100 trln dollardan oshadi. Bu global yalpi ichki mahsulotning 93 foiziga teng.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida davlat qarzining qiymat jihatdan eng yuqori miqdori Qozog‘istonda, yalpi ichki mahsulotga nisbatan katta qarz Qirg‘izistonda.
XVJga ko‘ra, davlatlar demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlash, yashil iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda mudofaa va energiya xavfsizligiga ko‘proq mablag‘ sarflayapti. Ushbu omillar qarz miqdorining oshib borishiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatyapti.
Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 mlrd dollardan oshdi. Bu yalpi ichki mahsulotimizning 34,4 foizini tashkil etadi
2024 yil 1 yanvar holatiga, qo‘shnilarimizning davlat qarzi miqdori va uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi quyidagicha:
- Qozog‘iston – 59,8 mlrd dollar. Bu YaIM —259,3 mlrd dollarning 23 foizi;
- Qirg‘iziston – 6,2 mlrd dollar. Bu YaIM — 13,7 mlrd dollarning 45,2 foizi;
- Tojikiston – 3,6 mlrd dollar, Bu YaIM — 12,1 mlrd dollarning 30,2 foizi;
- Turkmaniston – taxminan 3,8 mlrd dollar. Bu YaIM —$75,4 mlrd dollarning 5 foizi.
«Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston davlat qarzining maksimal miqdori YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan.
Qimmatlashayotgan oltin
O‘zbekistonda 1 gramm oltin bahosi 1,1 mln so‘mdan oshdi. 16 oktyabr kungi kotirovkalarda 5 grammli quyma oltin narxi 5 mln 625 ming so‘mni tashkil qildi. Jahon bozorida esa bir unsiya oltinning narxi 2677 dollarga yetdi. Oltin so‘nggi 20 yil ichida 534 foizga qimmatlashgan.
Qimmatbaho metallning joriy narxlari yil boshidagi narxlardan 32,5 foizga, 2023 yilning mos davridagi narxlardan esa 45,3 foizga yuqori.
Jahonda joriy yil boshida oltinning bir bir troya unsiyasi narxi 2068 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir u 2677 dollarga yetgan yoki 29,4 foizga qimmatlashgan.
Qimmatbaho metall narxlarining keskin darajada oshishiga bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Birinchisi, geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy beqarorlik. Sodda qilib aytganda, kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashsa, investorlar uchun oltin asosiy aktivga aylanadi va unga pul tikish ko‘payadi.
AQSh dollari kursi va Federal zaxira tizimining foiz stavkasini pasaytirish bo‘yicha kutilmalar. Oltin narxi asosan AQSh dollarida belgilanadi. Foiz stavkalari pasayganda, odatda, dollarning kursi ham pasayadi. Shuning uchun, agar dollar kursi pasaysa, oltin narxi oshadi, chunki u boshqa valutalar bilan solishtirganda arzonroq bo‘ladi va shu sababli talab ortadi.
Shuningdek, Markaziy banklar tomonidan tomonidan oltin zaxiralarini oshirish yoki kamaytirish bo‘yicha qarorlar ham narxga ta’sir qiladi.
Oltin narxining qimmatlashishi O‘zbekiston uchun foydali. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga, O‘zbekiston rasmiy zaxiralarining qariyb 77,5 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Oltin narxining qimmatlashishi mamlakatimiz xalqaro aktivlarining qiymatini oshiradi.
Qadimiy oltin tangalarning noqonuniy savdosi
Toshkent shahrida yashovchi shaxs 100 dona «Nikolay» tangalarini 67 ming dollarga sotishga uringan. Uning xaridori bu madaniy boyliklarni xorijga olib chiqib pullashni rejalashtirgan.
DXXning Andijon viloyat boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro 100 dona oltin tangani Andijon shahrida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaroga 67 ming dollarga sotgan vaqtida, ularning ikkisi ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, sotuvchi fuqaroga tegishli mashinadan yana 37 dona oltin tangalar topilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi jami 776 gramm bo‘lgan 5 va 10 rubl qiymatdagi bu qadimiy oltin tangalar numizmatik ashyolar sifatida madaniy boyliklar sirasiga kiradi hamda badiiy, tarixiy ahamiyatga ega hisoblanadi.
1897-1911 yillar oralig‘ida bosib chiqarilgan tangalarning umumiy qiymati 950 mln so‘mni tashkil etadi.
Xaridor fuqaro E.S. xalq tilida «Nikolay» tangalari deb aytiladigan oltin tangalarni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga olib borib, sotishni rejalashtirgan.