Falcon 9 tashuvchi raketasi Starlink global internet tarmog‘i uchun mo‘ljallangan 43 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 23 ta apparat Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan uchirilgan. Oradan taxminan bir soat o‘tgach, ular tashuvchining ikkinchi pog‘onasidan ajralgan va orbitaga chiqqan.
20 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshi ortilgan ikkinchi Falcon 9 raketasi esa Kaliforniyadagi Vanderberg AQSh kosmik kuchlari bazasidan uchgan.
SpaceX kompaniyasi 2019 yildan beri Starlink loyihasi doirasida 7 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshni orbitaga uchirdi. Ularning ayrimlari buzilgan va hozirda 6,4 mingga yaqin apparat faoliyat ko‘rsatmoqda.
Starlink global sun’iy yo‘ldosh tizimi bo‘lib, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan yuqori tezlikdagi keng polosali internetga ulanishni ta’minlash uchun tashkil etilgan. Tarmoqqa ulanish uchun foydalanuvchi taxminan 500 dollar turadigan tovoqsimon antenna, shtativ va routerdan iborat maxsus to‘plamni xarid qilishi kerak. Bundan tashqari, foydalanuvchi oyiga 99 dollar abonent to‘lovini ham to‘lashi lozim.