Rossiya brokerlik hisoblaridagi norezident aktivlari ikki yil ichida birinchi marta kamaydi. Bu haqda «Kommersant» Rossiya Banki ma’lumotlariga tayanib yozdi.
Qayd qilinishicha, 2024 yil ikkinchi choragi yakuniga ko‘ra, xorijiy mijozlardan tushgan mablag‘lar hajmi 9,6 foizga qisqarib, 1,77 trillion rublni tashkil etgan. Hisob-raqamlar soni 2 foizga oshib, 30,5 mingtaga yetgan. Aktivlarning kamayishiga yuridik shaxslar tomonidan 189,3 milliard rubl qaytarib olinishi sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, bu pasayish fond bozoridagi o‘zgarishlar va Amerikaning «Moskva birjasi»ga nisbatan sanksiyalari bilan bog‘liq.
«Moskva birjasi» (MOEX) indeksi chorak davomida 5,5 foizga tushib, 3154 punktni tashkil qilgan. AQSh cheklovlari Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Xabarga ko‘ra, aktivlarning eng katta qisqarishi xalqaro ofshorlar va qo‘shni mamlakatlardan kelgan mijozlar orasida kuzatilmoqda. Jumladan, Ozarboyjon investorlarining sarmoyasi 65 foizga, 0,5 milliard rublgacha, O‘zbekiston investorlariniki – 30 foizga, 59,7 milliard rublgacha, Qozog‘iston investorlariniki – 20 foizga, 185,8 milliard rublgacha qisqargan. Xabarda investorlarning nomlari keltirilmagan.
Qayd qilinishicha, «Moskva birjasi»ga qarshi sanksiyalarning kuchga kirishi munosabati bilan 2024 yil uchinchi choragida mablag‘larning chiqib ketishi davom etadi.
Avvalroq, Qozog‘iston fond birjasi (KASE) sanksiyalar tufayli «Moskva birjasi» bilan aloqalarni uzgani haqida xabar berilgan edi.