Bloomberg’ning taniqli insayderi Mark Gurman Apple ikkita mutlaqo yangi qurilmani tayyorlayotganini aytdi: aqlli ko‘zoynaklar hamda kameralar o‘rnatilgan birinchi AirPods quloqchinlari. Tahlilchining fikricha, kompaniya qurilmalarni 2027 yilgacha taqdim etishi mumkin.
Hisobotga ko‘ra, Apple Vision Pro AR garniturasi sotuvidan kompaniyaning ko‘ngli to‘lmagan. Bosha kiyiladigan qurilma juda murakkab, noqulay, qimmat va ko‘pchilik uchun foydasiz bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, korporatsiyada AR sohasidagi ko‘plab texnologiyalar va ishlanmalar saqlanib qolgan. Apple ularni yanada oddiy va ixchamroq qurilmada qo‘llashi kutilmoqda.
Gurmanning ta’kidlashicha, “olmachilar” klassik aksessuarga o‘xshash smart ko‘zoynak ishlab chiqmoqda. Ular 2023 yilda chiqarilgan Ray-ban Meta Smart Glasses’ni eslatishi mumkin.
Apple’ning aqlli ko‘zoynagi kameralar, mikrofonlar va dinamiklar bilan jihozlanadi. Linzalar kunduzgi yorug‘likda quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynakka aylanib, atrof-muhitga moslashishi mumkin. Shuningdek, ko‘zaynak Siri’ni qo‘llab-quvvatlashi ehtimoli bor. Mini-proyektor esa foydalanuvchining ko‘z oldida ob-havo ma’lumotlari, rejalashtiruvchi, yo‘l ko‘rsatuvchi va boshqa shu kabi axborot vidjyetlarini aks ettira oladi. Eslatib o‘tamiz, Meta o‘zining aqlli ko‘zoynagini 299 dollarga sotmoqda. Apple ham o‘z mahsulotini xuddi shunday arzon narxda taklif qilishi ehtimoldan xoli emas.
2027 yilgacha kutilayotgan yana bir qiziqarli qurilma — tashqariga yo‘naltirilgan kameralari bor birinchi simsiz AirPods quloqchinlari. Balki modelga AirPods Pro 3 yoki 4 deb nom berilar. Quloqchinlar atrofdagi muhitni o‘qiy olishi mumkin, bu ayniqsa ko‘rish qobiliyati cheklangan odamlar uchun juda foydali bo‘ladi. Hozircha garnituralar uchun kameralarning boshqa maqsadlari noma’lum. Apple ularni Apple Intelligence sun’iy intellekt funksiyalari bilan qandaydir tarzda bog‘lash ehtimoli mavjud.
Insayderning aytishicha, Apple hozircha vizual intellekt funksiyalarini joriy etish uchun qurilmaning shakl-shamoyili ustida tajribalar o‘tkazmoqda. Shu sababli, quloqchinlarning funksiyalari haqida gapirishga hali erta.