“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?

O‘zbekiston 14:04 / 13.10.2024 22326

Tadbirkor Ruslan Qalandarov – Kun.uz'ning yaqinda e’lon qilingan multfilmi prototipi. U biz bilan suhbatda chet eldagi faoliyatini O‘zbekistonda ko‘rgan-kechirganlari bilan taqqoslaydi, joylardagi amaldorlarning saviyasiga baho beradi, qishloq xo‘jaligidagi katta potensial ko‘kka sovurilayotganidan afsus bildiradi.

Sizni prototip sifatida olib, multfilm yasadik. O‘sha multfilmda aytilgan biografiyangizni qisqaroq bo‘lsa ham aytib bering.

– Avvalambor, qiziqish ko‘rsatayotgan kamdan kam taraf bo‘lib turganingiz uchun rahmat. Yurtimizda o‘qidik, yaxshi o‘qidik, xorijda o‘qidik, ilm olishga harakat qildik, akademik tajribamiz ham bor. Undan tashqari, tijoratning ichiga chuqur kirishga harakat qildik. Turkiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyoga sotdik, Angliyadan tortib Filippingacha.

Aytganlaringizdan xulosa qiladigan bo‘lsak, yaxshigina aylanma mablag‘ingiz bo‘lgan. Nima sabab bo‘ldi qaytib kelishingizga?

– Avvalambor, otam “endi bu yoqda ham bir foydang tegsin” dedi. Baribir, istaymizki, Vatanga foydamiz tegsin, shu yerda yutuqlarga erishaylik. O‘sha davrda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor edi – har yerning tosh-tarozusi bor. Buni tushungan holda keldik. Avvalo bozorni o‘rgandik. Eng optimal mahsulot kunjut bo‘lib chiqdi, perspektivasini, kelajagi porloqligini ko‘rdik. Dunyoda uch yarim milliard dollarlik bozori bor kunjutning. Va o‘sib borayotgan bozor bu. Investitsiya qildik, zavodlar qurdik, ishchi o‘rinlari ochdik.

Har bir jabhada primitiv uslublarni, hosildorlik past ekanligini, ishlar sanoatbop emasligini ko‘rdik. Ilmiy tadqiqot deyarli yo‘q ekanligini ko‘rdik. Olimlar oldiga vazifa qo‘ydik: “mana, dunyo bozorida, sanoatida kunjutga buncha talab bor, yetishib yurishimiz kerak” dedik. Muhokama qildik, tortishdik, gaplashdik. Hattoki xorijdan mutaxassislarni olib keldik.

Bugunga kelib, taxminan uch ming gektarga yaqin shaxsan o‘zimning kunjut yetishtirish tajribam bor. Xorazm bo‘yicha boshqa fermerlarning yerlarida ham konsalting qilib, yetishtirgan kunjutlarimiz bo‘ldi. Bundan tashqari, Respublikamizning boshqa hududlarida, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo hududlarida ham kunjut yetishtiruvchilarga ko‘p yordamlar berdik.

Endi o‘zimizning yerga keladigan bo‘lsak, 2019 yil mana shu ko‘rib turgan hududda 270 gektar kunjut yetishtirdik. Ayni 2019 yilning o‘zida qayta ishlangan, qo‘shimcha qiymat qo‘shilgan mahsulotlardan 500 ming dollarlik eksport qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Hayotimizni shunga bag‘ishladik. Texnikalarni olib kela boshladik. Kunjutga xos kasalliklarini o‘rgana boshladik, birinchilardan bo‘ldik bu sohada, kasalliklarni ko‘rsatib tartibga soldik. Mamlakatimizda ikkita-uchta fabrika bor, faqat blanshirovka qiladi. Biz esa pasta, holva, yog‘ chiqarish – hammasini yo‘lga qo‘ydik. Eksport sohasidagi Turkiyadagi mutaxassislar bilan maslahatlar qildik.

Mahalliy hokimiyatga ilmiy tadqiqotlar va boshqa muammolar qiziq emas. “Menga eksport kerak faqat”, deydi. “Eksportga bog‘liq bo‘lgan muammolar bor, bulardan boshlash kerak, urug‘ni hal qilmasak, 25 foiz yo‘qotish qilamiz”, desak, tushunmaydi.

To‘siqlar haqida gapira boshladingiz. To‘siqlar qanday shaklda, qanday ko‘rinishda bo‘lyapti?

– Boshida eksport qilishga qo‘limiz kaltalik qildi, chunki biz ham qishloq xo‘jaligini, ham sanoatni, ham ilmiy izlanishlarni o‘zimiz bajardik, eksport masalalariga ulgurmadik. Faoliyatimizni 2016 yil boshlagan bo‘lsak, 2018 yilda eksport qilishni boshladik. Bu yoqda kadr muammolari, kadr yo‘q, o‘zimiz tarbiya qilishga majbur bo‘ldik.

Ko‘plab tashkilotlar bor edi o‘sha paytda, eksportga ko‘maklashadigan: eksportni qo‘llab-quvvatlash fondi, Agroeksport, tumanlardagi, rayonlardagi eksportga mas’ullar, banklarning mas’ullari va hokazo. Hammasiga mahsulot berib chiqdik: “mana, sanoat qildik, zavod qurdik, yordam beringlar”, dedik. Elchilar ham mas’ul qilindi. Ularga ham mahsulot berdik. Lekin qarangki, yordam berisholmadi. Mahsulot yaratildi, ammo realizatsiya qilinmadi. Bu yoqda kreditlarni to‘lash kerak, soliqlarni to‘lash kerak, ishchilarga oylik berish kerak...

Tashkilotlardan yordamni qanday shaklda kutgandingiz?

– Xaridor topishda ko‘mak berishlarini.

Ularning bunga imkoniyatlari bormi?

– Ular bunga mas’ul. Shunga muvofiq imkoniyat, instrumentariya – hammasi berilgan ularga. Har holda, biz shunday tushundik, bizlarga shunday tushuntirishgan edi. Balki ularning yondashuvi noto‘g‘ri bo‘lgandir, balki ular stereotip yo‘llardan yurayotgandirlar, chapga, o‘nga chiqishni bilishmayotgandir, bizga qorong‘i.

Markaziy bankdan kelishdi Xorazmga, dangalini aytdik: “bugungi kunda sizlar dunyo bozorida raqobatbardosh emassizlar” dedik. Mablag‘ so‘rasak, kamida bir oy tutib turishadi, lekin Turkiyadan kunjut xomashyosini oladigan tadbirkor uch kunda kredit olib, bu yoqqa samolyotda uchib kelib, burnimizning tagida xomashyoni olib ketyapti. Uchta bozorimiz bor edi, eng kattasi – Rossiya bozori, yuqori narxlarda kirdik u yerga, Qirg‘iziston bozoriga kira boshlagandik. Tajribamiz bor, prinsipimiz – birinchi navbatda pul emas, birinchi navbatda malaka, tajriba va shakllantirilgan bozorlar. Hali ham mijozlarimiz bizlardan mahsulot yetkazib berishimizni kutishyapti. Ammo banklarimiz pand berdi.

Yana bir muammo – mahalliy mutasaddilarning mavjud potensiallarni ko‘ra olmasligi, o‘lchay olmasligi. Misollar aytaman: Urganch tumanida yigirma ikki ming gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bor. Tasavvur qiling, bitta ham tomat pasta chiqaradigan zavod yo‘q, hali ham. Yoki, deylik, bulg‘or qalampirini qayta ishlaydigan zavod yo‘q, tuzlamalar qiladigan zavod yo‘q. Kimgadir kulgili bo‘lishi mumkin, lekin men uchun tragediya – Xorazmda ishlab chiqarilgan murabbo yo‘q.

Sabab?

– Kapital yo‘q. Kapital shakllantira olishmayapti. Haligacha traktori yo‘q fermerlar bor, haligacha bolalarini xorijda o‘qita olmayotgan fermerlar bor. Fermerlar progress qilish o‘rniga, regress qilyapti. Chunki fermer ozod fermer emas. Tanlashda ozod emas, qaror qabul qilishda ozod emas. Sholi ekkanning sholisini buzib tashlashyapti. Paxtani majburlashadi. Norentabel bo‘lsa nega ektiradi? Alternativaga o‘rin yo‘q.

Kuni kecha saytimizda chiqdi – 14 gektar pishib turgan sholini buzib tashlashibdi... Tasavvur qilyapman fermerning ko‘nglidan nima kechyapti... Bu holatda u kelajakka reja qiladimi? Yo‘q! Chet elda yashab, faoliyat yurgizgansiz, ko‘rganlaringizni aytib bering, dehqon qanday ishlaydi u yerda, fermerlar qanday muhitda ishlayapti, masalan, Turkiyada?

– Turkiyada sanoat fermer bilan yaqindan bog‘langan. Ularning orasiga uchinchi shaxs aralasha olmaydi. Sanoat talabini aytadi, orada ilmiy izlanish institutlariga so‘rov bildiriladi, bunda fermerlar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etadi. Olimlar va sanoatda bir-birini rivojlantirishga ishtiyoq mavjud. Mahsulot yetishtirishdan oldin hammasi o‘rganilyapti va kelishilyapti, natijada kafolatli sotish bo‘lyapti. Hammaga yaxshi: fermerga ham, o‘z rejalarini amalga oshirayotgan sanoatga ham, olimlarga ham. Hokimlar faqat yordam berishadi!

Endi savol: nega turk hokimi o‘zini bunday tutadi-da, bizning hokimlar – boshqacha?

– Og‘ir bo‘lsa ham aytish kerak – saviya masalasi bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, kelin olish uchun yetti avlodini o‘rganish kerakligini aytadi donolar... Hokim tayinlash oldidan bitta ham “avlodi” o‘rganilmayapti chamasi... Hokim turli masalalarda kompetent bo‘lishi kerak. Prezident bizni – xorijda yurganlarni taklif qildi. Biz keldik. Investitsiya kiritdik. Yangi g‘oyalar olib keldik. Bizlar bilan ishlaydigan mutasaddilar ham shunga muvofiq bo‘lishi kerakmasmi?! Ularning saviyasi savol ostida qolyapti.

Saviya haqida gapiryapsiz. Ammo hammasi saviyaga bog‘lanmaydi-da. O‘sha – saviyasiz deyayotganingiz hokim ham agar tizim to‘g‘ri shakllantirilgan bo‘lsa, o‘sha tizimga sig‘may qoladi-ku.

– Boshimizdan o‘tkazib turibmiz – chiqayotgan qonunlar bizlar uchun mos bo‘lib chiqyapti. Qonunlar orqali biz tadbirkorlar o‘zimizni minimal darajada bo‘lsa-da himoya qila olyapmiz. Lekin mas’ullar, bilmadim, boshqacha ko‘z bilan qarayaptimi?

Biz shuni kuzatyapmizki, hokimlar to‘g‘ridan to‘g‘ri qonundan chiqib ketyapti. Agar vaqtida qonunga xilof harakatlarning tomiriga uriladigan bo‘lsa, o‘sha hokimlar ham o‘zini tutib harakat qiladi. Bu yerda shunchaki saviyasizlik emas, qonunlarni umuman mensimaslik holatlarini har kuni kuzatamiz.

– Ikki kun oldin xuddi shunaqa narsani ko‘rdik, hokim tarafidan qonunlarni mensimaslikni. Juda ko‘p yolg‘on bo‘lyapti. Kunjutni ham almashib ekish kerak, ammo to‘sqinlik qilishadi.

Urganch tumanida yangi hokim kelganiga deyarli ikki yil bo‘ldi, lekin biror bir zavod yo‘q. Potensialimiz yuqori bo‘lgan soha – qishloq xo‘jaligi. Shuncha xomashyo bo‘lishiga qaramay, ishlab chiqarish yo‘q. Chunki ishlashga yo‘l berishmayapti. Atay suv bermay qiynashadi. Hokimning gapi faqat: “yeringni topshirasan”... Tadbirkordan hol so‘rash yo‘q, birgalikda bunyodkorlik qilish yo‘q.

Chet eldagi bozorlarimizni juda oson berib qo‘yyapmiz. Prezident mutlaq immunitet berdi hokimlarga, “hech kim tegmasin” dedi. Bunaqa immunitet olganlardan keyin, faqat oldinga yurish kerak.

Kurashda oldingi safda turib kurashadigan – tadbirkor. Oldinda turib kurashsam-da, orqamdan turib, yordam berib turishadimi yoki pichoq uradimi deb o‘ylasak, bo‘lmaydi. Absurd bu.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: