Yolg‘izlik aqliy zaiflik rivojlanishi xavfini 30 foizdan ko‘proqqa oshiradi - tadqiqot

Jamiyat 16:49 / 12.10.2024 4160

Dunyo bo‘ylab 609 000 ga yaqin kishi ishtirok etgan yangi, keng qamrovli tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rta yoshli va keksa odamlarda yolg‘izlik demensiya (orttirilgan aqliy zaiflik) rivojlanish xavfini 31 foizga oshiradi.

Yevropa Ittifoqi bo‘ylab 7,9 millionga yaqin odam aziyat chekayotgan demensiya kasalligiga qarshi dori-darmon yo‘q. Biroq kasallik xavfini oshiruvchi omillar genetika va turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lib, ularga jismoniy faollik, chekish, spirtli ichimliklar iste’moli, hatto ijtimoiy aloqalari sifati ham kiradi.

Nature Mental Health jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, yolg‘izlik har qanday sababga ko‘ra demensiya, Alsgeymer kasalligi va qon-tomir demensiyasi rivojlanish xavfini oshiradi, bu ayniqsa diabet yoki semizlik bilan og‘rigan keksa odamlar uchun xavfli.

Bu, shuningdek, kognitiv buzilishlar xavfini 15 foizga oshiradi. Kognitiv buzilishlar xotira yo‘qolishi, qaror qabul qilishda qiyinchilik, diqqatni jamlash yoki biror ishni yakunlashdagi muammolarni o‘z ichiga olgan keng tarqalgan muammodir. Tadqiqotchilar depressiya, ijtimoiy izolyatsiya va boshqa potensial xavf omillarini hisobga olishganida ham, natijalar o‘z tasdig‘ini topdi.

“Ular yolg‘izlik kelajakda demensiya rivojlanishining jiddiy xavf omili ekanini ko‘rsatmoqda”, — dedi tadqiqot mualliflaridan biri, Irlandiyaning Limerik universiteti psixologiya o‘qituvchisi Parayk O Suilleabhayn

Yolg‘izlik — ko‘p qatlamli muammo

Irlandiya, Shvetsariya, Fransiya, AQSh va Xitoy olimlari butun dunyo bo‘ylab keksayish bo‘yicha o‘tkazilgan 21 ta tadqiqot ma’lumotlarini birlashtirib, yolg‘izlik, demensiya va kognitiv qobiliyatlarning pasayishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni meta-tahlil qilgan.

Tadqiqotlarning aksariyatida ishtirokchilardan hech bo‘lmaganda ba’zi vaqtlarda o‘zini yolg‘iz his qilgan-qilmagani haqida so‘ralgan, ayrim tadqiqotlarda esa ularning yolg‘izligi qanchalik kuchli bo‘lgani baholangan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida odamlarning 35 foizi vaqtining kamida bir qismida o‘zini yolg‘iz his qilishini aytadi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar Irlandiya, Lyuksemburg, Bolgariya va Gretsiyada qayd etilgan.

O Suilleabhaynning aytishicha, tadqiqot natijalari yolg‘izlik uzoq umr ko‘rish yoki insonlarning umr davomiyligi bilan qanday bog‘liqligini tushuntirishga yordam beradi.

Oldingi tadqiqotlar yolg‘izlik bilan insult va Parkinson kasalligi kabi sog‘liq muammolari o‘rtasidagi aloqani aniqlab bergandi.

Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, kelajakda odamlar nima sababdan o‘zlarini yolg‘iz his qilishi va qanday turdagi yolg‘izlikni boshdan kechirayotganini o‘rganish muhim bo‘ladi. Bu kelgusida kognitiv qobiliyatlarning pasayishi va demensiya xavfini cheklash uchun chora ko‘rish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: