Sanksiyalar tufayli eksportning keskin tushib ketishiga duch kelgan Rossiya metallurgiya kompaniyalari yangi taqiqqa duch keldi. Turkiya Rossiyada ishlab chiqarilgan po‘lat mahsulotlariga boj joriy etdi. Endi bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kimligidan kelib chiqqan holda 6 foizdan 9 foizgacha soliqqa tortiladi. Mamlakat o‘tgan vaqt ichida Rossiyadan 3,1 milliard dollarlik po‘lat sotib olgandi.
Qayd etilishicha, mazkur choralar 5 yilga mo‘ljallangan va bu mahalliy po‘lat ishlab chiqarishga zarar yetkazadigan «nohaq raqobat» hamda xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan demping bilan bog‘liq. Anqara Hindiston va Yaponiyadagi po‘lat ishlab chiqaruvchilarga ham xuddi shu kabi bojlarni joriy etmoqda. Xitoy po‘lati uchun esa bojlar taqiq darajasida belgilangan — 43 foiz.
Rossiya po‘lat ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotini xorijga sotish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishni boshlagan: yanvar-avgust yakunlari bo‘yicha Rossiyaning dengiz portlari orqali qora metall eksporti 15 foiz — 12,5 million tonnagacha qisqarib ketgan. Rossiya temiryo‘llari tarmog‘i orqali eksport tashuvlari ham xuddi shuncha foizga kamaygan (19,5 million tonnagacha).
Rossiyadagi po‘lat quvurlarni ishlab chiqaruvchi «TMK» korxonalari eng katta yo‘qotishlarga duch keldi. Pervouralsk yangi quvur zavodi eksporti birinchi yarim yillikda 21 foizga, Chelyabinsk quvur zavodi va Voljsk quvur zavodi eksporti esa mos ravishda 57 hamda 58 foizga tushib ketdi. Milliarder Aleksey Mordashovning «Severstal»i eksporti 24 foizga, «Mechel» — 23 foizga, Evraz zavodlari esa 7-20 foizga quladi.
Eksportning tushib ketishi yirik metallurgiya xoldinglarini po‘lat ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga majbur qilmoqda. «Chermet korporatsiyalari» tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, sentabrda ishlab chiqarish yillik hisobda 13,5 foizga tushib ketgan. Prokat ishlab chiqarilishi 18 foizga, cho‘yan — 8,5 foizga, quvurlar esa 2 foizga qisqargan.
Eksport muammolaridan tashqari, metallurglar qurilish materiallariga bo‘lgan talabning tushib ketganidan aziyat chekmoqda. Ta’kidlanishicha, 2024 yil yakunlari bo‘yicha, Rossiyada po‘lat ishlab chiqarish hajmi 3-5 foizga qisqarib, 72-74 million tonnani tashkil etadi.