Shols: Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishda davom etadi

Jahon 17:42 / 12.10.2024 4222

Germaniya Isroilga qurol yetkazib berishda davom etadi, deya ma’lum qildi Olaf Shols. «Biz qurol yetkazib berdik va tez orada yangi yetkazib berishlar bo‘ladi», dedi Germaniya kansleri 10 oktyabr, payshanba kuni Bundestagdagi debatda.

Shu tariqa, Shols muxolifatdagi konservativ Xristian-demokratik ittifoq (XDI) raisi Fridrix Mersning aybloviga javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya hukumati Isroilga o‘q-dorilarni eksport qilish va bu mamlakatga tanklar uchun ehtiyot qismlarni yetkazishga ruxsat berishdan bosh tortgan.

Fridrix Merts, shuningdek, XDI bloki va Bavariya Xristian-sotsial ittifoqi (XSI)dan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod. Hozirda XDI/XSI Germaniyadagi eng mashhur siyosiy kuchdir. So‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, saylovchilarning 33 foizi uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Olaf Shols boshchiligidagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP)ni o‘z ichiga olgan hukmron koalitsiyani 30 foiz qo‘llab-quvvatlagan. Bundestagga navbatdagi saylovlar 2025 yil 28 sentabrga belgilangan.

«7 oktyabr kuni vaqt to‘xtadi»

Bundestagning 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida nemis parlamenti a’zolari 2023 yil 7 oktyabrda Hamas harakatining Isroilga uyushtirgan hujumi qurbonlari xotirasiga bir daqiqa sukut saqladi. Bundestag raisi Berbel Bas hujumni Isroil xalqi, Yaqin Sharq va butun dunyodagi yahudiylar uchun burilish nuqtasi deb atadi. Ularning xayoli qurbonlarning yaqinlari va G‘azo sektorida garovga olinganlar bilan, deya ta’kidladi u. «7 oktyabrda vaqt siz uchun to‘xtadi», dedi Berbel Bas.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashi xalqaro gumanitar qonunlarga zid emasligini ta’kidladi. Berlin G‘azo sektori aholisi gumanitar yordam olishini ta’minlash uchun har kuni kurashmoqda, dedi Berbok. «Isroil uzoq muddatda tinchlikda yashashi mumkin, agar uning qo‘shnilari bo‘lmish falastinliklar ham uzoq muddatda tinch-totuv yashay olsa», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishi

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Hamas harakati Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Isroilga yirik raketa hujumi amalga oshirildi, uning hududiga bostirib kirildi va zamonaviy Isroil davlati tarixida tinch aholiga nisbatan eng yirik hujum ro‘y berdi, 1200 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Shuningdek, jangchilar 250 ga yaqin odamni garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketishgan. Garovga olinganlarning ba’zilari almashtirildi yoki qo‘yib yuborildi, boshqalari esa vafot etdi.

Isroil bunga javoban Hamasga qarshi urush e’lon qildi. Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiya va G‘azo sektorini bombardimon qilish natijasida 42 mingga yaqin falastinlik halok bo‘lgan. Falastinlik jangchilarni Germaniya, AQSh, Isroil va qator arab davlatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Livanning «Hizbulloh» harakati qo‘llab-quvvatlagan. «Hizbulloh» muntazam ravishda Livandan Isroilga qarata o‘q uzadi.

2024 yil sentabr oyining ikkinchi yarmida Isroil «Hizbulloh»ga qarshi harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Isroilning Bayrutga aviazarbalarida guruhning bir necha yetakchisi halok bo‘ldi. Sentyabr oyi oxirida Isroil Livan janubida «cheklangan quruqlikdagi operatsiya»ni ham boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: