Rossiya Kursk yaqinida UQKga qarshi keng ko‘lamli qarshi hujum boshladi

Jahon 08:07 / 12.10.2024 5826

Rossiya harbiylari Kursk oblastida Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ga qarshi keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi. Bu haqda 10 oktyabr, payshanba kuni kechqurun Ukrainaning Deepstate monitoring loyihasi ma’lum qildi. Rossiyalik harbiy blogerlar ham Rossiya Federatsiyasining Korenev, Sudja va Glushkovo rayonlarida faol qarshi hujumi haqida yozyapti.

Xususan, Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan «Rybar» Telegram-kanali Rossiya bo‘linmalari «Ukraina qo‘shinlarini Glushkovo tumanidan deyarli butunlay siqib chiqarganini» da’vo qilmoqda. «Dva mayora» kanali ruslarning Sudja rayonidagi Zeleniy Shlyax qishlog‘i yaqinida oldinga siljigani haqida xabar berdi. Korenev rayonida, Ukrainaning Deepstate loyihasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari 10 oktyabrda 38 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni yo‘qotdi. Shunday qilib, Ukraina bir oy ichida Kursk oblastida eng katta yer uchastkasidan 24 soat ichida mahrum bo‘ldi, deb yozadi «Agenstvo» Telegram-kanali.

«Severnyy veter» kanaliga ko‘ra, 10 oktyabr kuni kechqurun rus qo‘shinlari «beshta aholi punktini egallab, kamida ikkita dushman batalonini o‘rab olishga, ikkita muhim ta’minot va evakuatsiya yo‘lini kesishga» muvaffaq bo‘lishdi. 11 oktyabr kuni Chechenistonning «Axmat» maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinov «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasi allaqachon Kursk oblastida 15 aholi punktidan ukrainalik harbiylarni siqib chiqarganini aytdi.

UQK: frontdagi vaziyat qiyin, RF tinimsiz hujum qilmoqda

9 oktyabr kuni UQK Bosh shtabining ijtimoiy tarmoqlardagi joriy hisobotiga ko‘ra, Vuhledar yo‘qotilganidan keyin frontdagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda. «Dushman o‘zining kuchi va texnikasidagi ustunligidan foydalanib, bizning pozitsiyalarimizga tinimsiz hujum qilmoqda», deyiladi xabarda.

Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Rossiya qo‘shinlari Ukraina bo‘linmalari va aholi punktlari pozitsiyalariga uchta raketadan foydalangan holda bitta raketa hujumini amalga oshirdi, shuningdek, 82 ta aviazarba berdi — xususan, ular 137 ta boshqariladigan havo bombalari tashladi. Bundan tashqari, 3500 ga yaqin hujumlar amalga oshirildi, ulardan 70 tasi bir nechta raketa tizimlaridan, 1200 ga yaqin kamikadze dronlari ishtirokida ro‘y berdi.

Ko‘proq yangiliklar: