Portugaliyada AQSh talabiga binoan Gotbit kriptovaluta kompaniyasi rahbari, Rossiya fuqarosi Aleksey Andryunin qo‘lga olindi. Bu haqda 9 oktyabr, chorshanba kuni AQSh Adliya vazirligi ma’lum qildi. Andryunin firibgarlik va pul yuvishda ayblanib, AQShga ekstraditsiya qilinishini kutmoqda. Xuddi shu ishda yana ikki rossiyalik ayblanmoqda: Gotbit marketing bo‘yicha direktori Fedor Kedrov va savdo bo‘yicha direktor Kavi Jalili.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2018—2024 yillarda Gotbit boshqa kriptokompaniyalarga, shu jumladan Amerika kompaniyalariga kriptovaluta bozorini manipulyatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan, xususan, savdo hajmini sun’iy ravishda oshirish uchun millionlab dollarlik soxta operatsiyalarni amalga oshirgan. Gotbit asosan past likvidli kriptovalutalar va kriptotokenlar bilan ishlagan, deya xabar beradi AQSh Adliya vazirligi. Andryuninning o‘zi YouTube'dagi bir nechta intervyularida uning kompaniyasi «likvidlikni yaratish» bilan shug‘ullanganini aytgan.
Amerika rasmiylari yana uchta kriptokompaniyani kriptovaluta bozorini manipulyatsiya qilishda ayblamoqda — ZM Quant, CLS Global va MyTrade. Qo‘lga olishlar Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniyada ham bo‘lib o‘tdi, 18 ushlangan shaxsdan to‘rt nafari allaqachon aybini tan olgan. 25 million dollarlik kriptovaluta musodara qilindi va 60 dan ortiq kriptoaktivlar bilan soxta savdo qilish uchun botlar o‘chirib qo‘yildi.
Dalillarni to‘plash uchun AQSh Federal tergov byurosi (FTB) o‘zining NexFundAI kriptotokenini yaratdi va shartnomalar tuzish uchun xuddi shu nomdagi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdi. AQSh Adliya vazirligi bu ishni kriptovaluta bozorini manipulyatsiya qilish uchun birinchi jinoiy ta’qib deb ataydi.
AQShda eng yirik kriptovaluta birjasi asoschisi 25 yilga qamaldi
Mart oyida eng yirik kriptovaluta birjalaridan biri FTX asoschisi va sobiq bosh direktori Sem Bankmen-Frid AQSh sudi tomonidan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Avvalroq u mijozlardan 8 milliard dollar o‘g‘irlaganlikda aybdor deb topilgan edi.
2019 yilda tashkil etilgan FTX 2022 yil noyabriga kelib 32 milliard dollarga baholangan. Jurnalistlar Bankman-Fridning ikkinchi yirik biznesi aktivlari asosan o‘z birjasi tomonidan chiqarilgan kriptovalutadan iborat ekanini aniqlaganidan keyin bir necha kun ichida kompaniyaning qiymati nolga tushib ketdi.
Tadbirkor 2022 yil dekabr oyida Bahama orollarida hibsga olingan va AQSh tarixidagi eng katta garov - 250 million dollar va ota-onasi kafolati evaziga uy qamog‘iga qo‘yib yuborilgan.