Portugaliya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan o‘z mamlakatida siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilingan insonlarga gumanitar viza berishga oid qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar beradi CNN Portugal.
Qonun loyihasi o‘z yurtida ta’qib qilinayotgan insonlarga siyosiy boshpana so‘rab ariza berish uchun vaqtincha Portugaliyaga kelish imkoniyatini taqdim etadi. Hozirda bu kabi insonlar faqat Portugaliya hududida bo‘lsagina boshpana so‘ray oladi. «Liberal tashabbus» partiyasi arizani o‘z mamlakati yoki qo‘shni davlatdagi Portugaliya elchixonasi orqali berishni taklif qildi.
«Maqsad — odamlarga Portugaliyaga kelish va boshpana so‘rash imkoniyatini berishdan iboratdir. Hozirda ular bu ishni turistik viza orqali amalga oshirmoqda, ammo turistik vizalar boshpana olishda ko‘pincha muammo keltirib chiqaradi», — deydi partiya a’zosi Pavel Yelizarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi o‘z yurtida siyosiy maqsadlar bilan ta’qib qilinayotgan barchaga yordam beradi.
Yelizarovning taxminicha, Portugaliya gumanitar vizasi Braziliyanikiga o‘xshab ketadi: fuqaro gumanitar vizani oladi, u orqali mamlakatga keladi va shundan keyin siyosiy boshpana uchun ariza yuboradi.
Keyingi bosqichda qonun loyihasini Konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha parlament qo‘mitasi ko‘rib chiqadi. Ushbu idora gumanitar vizani berish jarayonini ishlab chiqishi kerak.