O‘zbekistonda 2025 yildan boshlab fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi. Buni nazarda tutuvchi prezident qarori qabul qilindi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab asosiy fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoalar rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
2025 yil 1 dekabrgacha xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, onlayn fan olimpiadalarini tashkil qilish va o‘tkazish hamda olimpiadalar ishtirokchilarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi.