Berbok: Putin Ukraina masalasini Shols bilan muhokama qilishdan bosh tortdi

Jahon 08:35 / 12.10.2024 4741

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Ukraina bo‘yicha vositachilikni muhokama qilishga tayyor emas, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. O‘z navbatida, «Ukraina adolatli tinchlik o‘rnatishga tayyor», dedi u 11 oktyabr, juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Berlinga tashrifi oldidan.

Slovakiya tashqi ishlar vaziri Yuray Blanar bilan suhbatda u Putinning tinchlik muzokaralari tashabbusini rad etishdagi pozitsiyasini tanqid qildi. «U tinchlikni qabul qilishdan bosh tortyapti va har kuni urush va vayronagarchilik foydasiga yana bir signal yuboryapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Peskov: Berlin hozircha Moskva bilan muloqot bo‘yicha aloqaga chiqmadi

Germaniya tomoni hozircha kansler Olaf Shols va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat o‘tkazishni so‘ramagan. Bu haqda 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Berlindan suhbat bo‘yicha so‘rovlar bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan aytib o‘tdi.

Die Zeit: Shols Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 1 oktyabr kuni Die Zeit gazetasi Germaniya hukumatidagi nomi oshkor etilmagan manbalariga tayanib xabar berdi. Bu suhbat noyabr oyida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti arafasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq Berlin hozircha Moskvaga rasmiy so‘rov bilan chiqqani yo‘q, deb yozadi nashr.

Agar suhbat bo‘lib o‘tsa, Shols Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar rahbarlaridan birinchi bo‘lib Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani tiklaydi. Germaniya kansleri va Rossiya prezidenti o‘rtasidagi so‘nggi telefon muloqoti 2022 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan. AQSh prezidenti Jo Bayden, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson ham Putin bilan oxirgi marta 2022 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashgan.

Ko‘proq yangiliklar: