Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida noqonuniy tarzda tavakkalchilikka asoslangan lotereya o‘yinlarini o‘tkazib kelgan shaxslar jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 1984 yilda tug‘ilgan Rashid Ibragimov hamda 1985 yilda tug‘ilgan Temur Bayramov 2022 yildan 2023 yil 5 sentabr kuniga qadar Youtube’dagi “To‘rtko‘l-95” kanali orqali noqonuniy tarzda lotereya o‘yinini tashkil qilib, o‘tkazib kelgan. Ular o‘yin chiptalarini Rossiya va Qozog‘istondagi o‘zbekistonlik migrantlarga 1400 rubl yoki 8 500 tengedan, O‘zbekiston hududida esa 200 ming so‘mdan sotgan.
O‘yinning har bir turida 6290 ta chipta sotuvga chiqarilgan hamda yutuq sifatida 5-6 ta avtomobil, turli maishiy texnika vositalari qo‘yilgan.
Rashid Ibragimov va Temur Bayramov 2023 yil 5 sentabr kuni To‘rtko‘l tumani Sho‘raxon ovuli hududida navbatdagi tur o‘yinini jonli efir orqali o‘tkazayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbirda ushlangan. Ularga qamoqqa olish tartibidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tuman sudining 2024 yil 20 martdagi hukmi bilan Ibragimov va Bayramov Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) 2-qismi “a, b” bandlari hamda 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 7,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, jinoiy faoliyat natijasida legallashtirilgan jami 56 mlrd 623 mln so‘m mablag‘ sudlanuvchilardan solidar tartibda davlat foydasiga undirilishi belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 30 sentabr kungi ajrimiga ko‘ra dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Kun.uz 2022 yilning may oyida Qoraqalpog‘istonda noqonuniy lotereya ommalashayotgani, jumladan, “To‘rtko‘l-95” kanali shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.