Ukrainada KXDR askarlari jang qilyaptimi - va ular Rossiya armiyasiga qanday yordam bera oladi?

Jahon 18:28 / 11.10.2024 20926

Shimoliy koreyalik askarlar Rossiya armiyasiga yordam uchun Ukrainaga yuborilayotgani to‘g‘risida xabarlar ko‘payib bormoqda. O‘tgan haftada «Interfaks-Ukraina» va KyivPost ukrain razvedkasidagi manbalariga havola qilgan holda, 3 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining Donbassning okkupatsiya qilingan qismida Rossiya poligoniga yo‘llagan raketa zarbasi oqibatida shimoliy koreyalik olti zobit halok bo‘lgani hamda uch nafari yaralangani haqida xabar tarqatgandi.

Manbalarga ko‘ra, KNDRdan bo‘lgan zobitlar guruhi bu yerga «tajriba almashish doirasida» rossiyalik hamkasblar bilan uchrashish uchun kelgandi. Aslida ham shundaymi, agar ha bo‘lsa, KXDR harbiylari Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo‘shiniga qanday yordam berishi mumkin? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu haqda fikr yuritdi.

Ukraina razvedka bosh boshqarmasi ham Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlariga Shimoliy Koreyadan cheklangan miqdordagi harbiy xizmatchilar kontingenti, jumladan, muhandislik qo‘shinlari bo‘linmalari kelgani haqida xabar bergandi. Rossiya tomoni bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

8 oktyabr kuni Janubiy Koreya parlamentida mamlakat mudofaa vaziri Kim Yon Hyon ham shimoliy koreyalik harbiylar Rossiyaga yordam ko‘rsatish uchun Ukrainaga yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning hisoblashicha, Donbassning Rossiya tomonidan bosib olingan qismida shimoliy koreyalik askarlar halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar, katta ehtimol bilan, haqiqatga to‘g‘ri keladi.

«Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o‘xshash kelishuv imzolagani tufayli harbiylar frontga yuborilishi ehtimoli yuqori», — deya vazirning so‘zlarini keltirgan Janubiy Koreyadagi Yonhap nashri. Gap 2024 yil iyunida

shimoliy koreyaliklar yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi haqida bormoqda.

Shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainadagi harbiy harakatlarda Rossiya tomonida turib ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar oldin ham tarqalgandi. 2023 yil sentabrida Vladimir Putin bunday xabarlarni «g‘irt yolg‘on» deb atagandi — o‘shanda u KXDR yo‘lboshchisi Kim Chen In bilan Rossiyaning Vostochniy kosmodromida uchrashgandi.

2024 yil iyunida, Putin Kim Chen In bilan o‘zaro mudofaa haqidagi bandni ham o‘z ichiga oluvchi shartnomani imzolaganida, undan shimoliy koreyalik askarlardan «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) o‘tkazishda foydalanish imkoniyati haqida so‘rashgandi. «Biz buni hech kimdan so‘ramaymiz, buni bizga hech kim taklif qilmagan», — deya javob qaytargandi Rossiya prezidenti.

«Hech qanday dalil keltirilmagan»

Moskva ham, Pxenyan ham harbiy hamkorlikni kuchaytirayotganini yashirmaydi.

2023 yil iyulida Rossiyaning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya davlat nashrlari yozishicha, «harbiy aloqalarni mustahkamlash» uchun Pxenyanga borgan, sentabr oyida Kim Chen In Rossiyaning Uzoq Sharq hududiga kelgandi.

O‘shanda, 2023 yil sentabrida, Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol BMT bosh assambleyasida Rossiya harbiy texnologiyalari evaziga KXDRdan Rossiyaga qurollar yetkazib berilayotgani ehtimoli haqida gapirgandi.

2023 yil 16 oktyabrda Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI)ning Rossiyaga KXDRdan keng ko‘lamda o‘q-dori yetkazib berish boshlangani haqidagi hisoboti chiqqandi. Unga sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar ilova qilingan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban bu xabarlar dalillarga asoslanmaganini aytgandi. «Bu nafaqat britan razvedkasi, balki Amerika razvedkasi ham. Ular hamisha shunday xabar berib, hech qanday dalil taqdim etishmaydi», — degandi Peskov.

Ammo 2023 yil oxirida Rossiyadagi militar guruhlar Rossiya bo‘linmalari Ukrainada qo‘llagan shimoliy koreyaliklarning snaryadlari va minalarining texnik xususiyatlarini qizg‘in muhokama qilishdi (ular bu o‘q-dorilarning sifati yaxshi emasligi va mo‘ljalga yetib bormasligini tanqid qilishdi).

2024 yil yanvarida esa AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Rossiya KXDRdan ballistik raketalar ham olgani va allaqachon ularni Ukrainaga qarshi qo‘llagani haqida aytdi.

Pxenyanning Ukrainaga harbiy muhandislar va quruvchilar bo‘linmalarini yuborish rejasi haqidagi xabarlar 2024 yil iyunida, Vladimir Putinning KXDRga tashrifi ortidan tarqalgandi. Janubiy Koreyaning TV Chosun telekompaniyasi, shuningdek, Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti ma’lumotiga ko‘ra, KXDR armiyasida o‘nta muhandislik brigadasi mavjud, shundan uch-to‘rttasi Rossiyaga yuborilishi mumkin. Buning uchun Pxenyan Moskvadan har yili 115 mln dollargacha mablag‘ olishi mumkin, deyiladi TV Chosun xabarida.

«Men gap nima haqida ketayotganini bilmayman», — deya bu xabarga munosabat bildirgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Iyul oyi boshida esa Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi KCNA Kim Ir Sen nomidagi harbiy universitet prezidenti Kim Gim Chhol boshchiligidagi harbiy tayyorgarlik bo‘yicha elita delegatsiyasi Rossiyaga uchib ketatgani haqida xabar tarqatdi. Jurnalistlarning shimoliy koreyalik harbiylarning ushbu tashrifi maqsadi yuzasidan aniqlik kiritish bo‘yicha so‘roviga javoban Dmitriy Peskov RF mudofaa vazirligiga yuzlanishni taklif qilgan.

Shimoliy Koreya armiyasi haqida nimalar ma’lum?

Qator baholarga ko‘ra, KXDR harbiy budjeti mamlakat YaIMning 20 foizini tashkil etadi. Qashshoqlik va mamlakat ihotalangani tufayli bu yiliga 6-8 mlrd dollardan oshmaydi va Pxenyan o‘zining asosiy dushmanlari deb biladigan Yaponiya va Janubiy Koreya harbiy budjetidan taxminan olti barobar kichik

Shimoliy Koreyaning o‘zi kabi, uning armiyasi ham — maksimal darajada yopiq tuzilma bo‘lib, uning tarkibi bo‘yicha faqat taxminiy ma’lumotlar bor, uning jangovar qobiliyati bo‘yicha baholar esa bahsli. Uning ajralib turadigan asosiy jihati — askarlar sonidir. Mamlakatda barcha, jumladan ayollar uchun ham harbiy xizmat majburiy, xizmat muddati qaysi qo‘shindaligiga qarab uch yildan 10 yilgacha bo‘ladi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar institutiga ko‘ra, 2018 yilda KXDR qurolli kuchlari soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda edi — unda 1,2 mln atrofidagi kishi xizmat qilgan.

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Andrey Gubin bu oshirib ko‘rsatilgan raqam bo‘lishini aytadi: «Ayni vaqtda Koreya Xalq Armiyasining shaxsiy tarkibi soni, katta ehtimol bilan 850 ming kishidan oshmaydi, harbiy bo‘linmalardagi harbiy xizmatchilar soni 650 mingga baholanishi haqida ma’lumotlar ham uchraydi», — deya yozgan u «KXDRning zamonaviy harbiy salohiyati: yadroviy jihatdan emas» nomli maqolasida.

Shu bilan birga, rossiyalik olim Shimoliy Koreya armiyasining safarbarlik imkoniyatlari ulkan ekanini qayd etadi: «Kamida 4 mln kishi zaxirada turadi, umumiy safarbarlik resurslari — 6,2 mln kishi».

Shimoliy Koreyada ko‘plab harbiylashgan tuzilmalar ham bor — ular xalq lashkari deb ataladi.

«Harbiylashgan tuzilmalarga quyidagilar kiradi: Ishchi-dehqonlarning Qizil gvardiyasi (katta yoshli rezervistlar) — 1,5 mln atrofidagi kishi., Yosh Qizil gvardiya — 700 ming kishi (katta sinf o‘quvchilari), Jamoat va davlat xavfsizligi vazirligi qo‘shini — 30 ming kishi. Kamida 200 ming kishi Koreya mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi Muhandislik byurosiga va Jamoat xavfsizligi vazirligiga bo‘ysunuvchi yordamchi bo‘linmalar, jumladan, qurilish va qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan bo‘linmalarga mansubdir», — deya yozadi Andrey Gubin.

Sanksiyalarga ko‘milgan va budjetni to‘ldirishga juda muhtoj bo‘lgan, shu bilan birga, harbiy ishga o‘qitilgan va itoatkor odamlar massasiga ega bo‘lgan Shimoliy Koreya rahbariyatiga ularning bir qismini kam sonli ittifoqchilaridan biriga yordamga yuborish og‘irlik tug‘dirmaydigandek ko‘rinadi. Qolaversa, Ukrainadagi hozirgi harbiy harakatlar tabiati muntazam ravishda inson resurslarini talab qiladi.

Ammo barchasi bu qadar oddiy emas.

Shimoliy Koreya qurollarining aksari — Rossiya va Xitoyning eskirgan texnikalaridir, ammo zamonaviy ishlanmalar ham bor

Yashirish imkonsiz

KXDR armiyasi sovet namunalari bo‘yicha yaratilgan va sovet harbiy ishlanmalaridan foydalanadi, ammo Rossiyanikidan farqli o‘laroq, haqiqiy harbiy harakatlar tajribasiga ega emas. Agar uning asosiy kuchlari — motopiyoda bo‘linmalar — ko‘rib chiqilsa, ular qanday tarzda Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida jang qilishi mumkinligi tushunarsiz.

O‘rgatilganidek, yirik mexanizatsiyalashgan birlashmalar tarkibida mustaqil harakat qilinadimi? Ammo aynan shunday taktika Ukrainada ish bermaydi, Rossiya armiyasi allaqachon bir necha marta bunga amin bo‘lgan va tank kolonnalari bilan hujumga o‘tmaslikka harakat qiladi.

Kichik piyodalar guruhlari bo‘lib harakat qilinadimi? Ammo buning uchun butunlay boshqa darajadagi muvofiqlashtirish va o‘zaro tushunish talab etiladi — kamida til bo‘yicha to‘siq bo‘lmasligi kerak.

U holatda ham, bu holatda ham yo‘qotishlardan qochib qutulib bo‘lmaydi va bu omil kritik tus olishi mumkin. Pxenyanning Rossiya harbiy kampaniyasidagi ishtirokini yashirib bo‘lmay qoladi. Shimoliy koreyalik askarlar orasida halok bo‘lganlar va asir tushganlar ko‘p bo‘lishi, Ukraina tomoni esa bu haqda to‘xtovsiz e’lon qilib boradi, Shimoliy Koreya davlat propagandasi KXDR qurolli kuchlari yengilmasligi haqida yaratgan tasavvurga putur yetkazadi.

«Tinchlik zamonida jangovar ruh va fidoyilikni sinab ko‘rish juda qiyin, 1950–1953 yillardagi Koreya urushi tarixidan harbiy xizmatchilarining shaxsiy qahramonliklarini keltirish yetarli dalil bo‘lishi dargumon», — deya yozadi Andrey Gubin.

KXDR rahbariyati uchun alohida holda emas, Rossiya qismlari tarkibida harakat qiladigan harbiy xizmatchilar ustidan nazorat yo‘qotilishi ham ma’lum xavf tug‘diradi. Ittifoqchilik munosabatlariga qaramay, Rossiya va Shimoliy Koreya rejimlari mafkurasi bir-biridan sezilarli darajada farqli.

Shimoliy Koreya armiyasi ham sovetlar namunasida shakllantirilgan. Foto: Reuters

Qurilish batalyonlari — bu ham qo‘shin

Bu sabablar KXDR harbiylari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy kampaniyadagi ishtirokini istisno eta olmaydi. Pxenyanga pul va texnologiyalar, Moskvaga — askarlar va o‘q-dorilar kerak, ikki tomon ham harbiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Shimoliy Koreya armiyasi uzoq yillar arzon ishchi kuchi sifatida ishlatib kelingan — uning ko‘plab bo‘linmalari sovetlar davridagi stroybatga muqobildir. Harbiy ekspertlar shimoliy koreyalik muhandislar mamlakatning turli qismlarida barpo etgan mudofaa inshootlari sifatini ancha yuqori baholashadi.

Katta ehtimol bilan, Rossiya armiyasi uchun aynan shunday bo‘linmalar foydali bo‘ladi. Ular front ortiga joylashtirilishi hamda harbiy infratuzilmalar — yerosti omborlari va istehkomlar, yo‘llar va ko‘priklar qurish bilan shug‘ullanishi mumkin.

Rossiya qo‘mondonligi front ortiga shimoliy koreyaliklarning bo‘linmalarini joylashtirish orqali oldingi chiziqqa yuborilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha odamlar resursiga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: