O‘zbekiston kompaniyasi kelgusi o‘n yil ichida Afg‘onistonning energetika sektoriga qariyb 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.
10 oktyabr kuni Afg‘oniston Kon va neft vazirligi o‘zbek kompaniyasi (kompaniya nomi tilga olinmagan) bilan Afg‘oniston shimolida joylashgan Jauzjon viloyatidagi Tuti-Maydan gaz konida gaz qidiruvini amalga oshirish va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bitim «O‘zbekneftgaz» AJ raisi Bahodirjon Siddiqov ishtirokida rasmiylashtirilgan.
10 yilga mo‘ljallangan shartnomaga asosan, o‘zbek investori birinchi yilida 100 mln dollar sarmoya kiritishi, kelishuv muddati davomida umumiy investitsiya miqdori qariyb 1 mlrd dollarga yetishi aytilyapti. Dastlabki ikki yilda O‘zbekiston kompaniyasi Tuti-Maydan konidan qazib olingan gaz hisobidan 100 MW elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Afg‘oniston kon va neft vaziri Hidoyatulloh Badri loyihaning muhimligini ta’kidlab, Tuti-Maydandagi gaz zaxiralari taxminan 7 ming kvadrat kilometr maydonni egallashini ma’lum qildi. Tashabbus mamlakatning energiya ehtiyojlarini sezilarli darajada qondirishi, milliy daromadni oshirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishi kutilyapti.
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘onistonning iqtisodiy ahvolini yaxshilash va ishsizlik darajasini pasaytirishda bunday loyihalar muhimligini ta’kidladi.
«Biz millionlab afg‘onlarga ish o‘rinlari yaratish uchun Afg‘onistonning iqtisodiy salohiyatini ochmoqchimiz. Maqsadimiz mamlakatning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlash va aholisining hayot sifatini oshirishdir», - dedi Ergashev.
Avvalroq, O‘zbekistonning neft va gaz sektorida xizmat ko‘rsatuvchi Eriell Group kompaniyasi Afg‘onistonning neft konlarini o‘rganishga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi.