NATOning yangi bosh kotibi ittifoqchilarni Putinning yadroviy tahdidlariga e’tibor qaratmaslikka chaqirdi

Jahon 21:14 / 11.10.2024 3225

NATO a’zolari Kreml g‘arb davlatlarining Ukrainaga ko‘rsatayotgan harbiy qo‘llab-quvvatlovini kuchsizlantirish maqsadida bildirayotgan yadroviy tahdidlaridan qo‘rqmasligi kerak. Bu haqda NATO bosh kotib Mark Ryutte ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi hafta boshlanadigan yadroviy o‘quv mashg‘ulotlari alyansning bunday tahdidlarga javob qaytarishga tayyor ekanini ko‘rsatib beradi.

Shimoliy Atlantika alyansini oktyabr oyidan boshlab boshqarayotgan Niderlandiya sobiq bosh vaziri Sky News’ga bergan intervyusida «NATO a’zolari Rossiya qurollariga e’tibor qaratishi kerakmi?» degan savolga javob qaytardi: «Yo‘q, shart emas, ular shundoq ham e’tibor qaratmayapti».

10 oktyabr kuni Ryutte Londonda Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashdi, keyin esa uning Volodimir Zelenskiy bilan muzokarasida ishtirok etdi. Ukraina prezidenti Yevropaning yirik davlatlari bo‘ylab safarlar uyushtirib, o‘zining «g‘alaba rejasi»ni muhokama qilmoqda. Shuningdek, u Rossiya hududi ichkarisiga uzoq masofaga zarba berishga mo‘ljallangan qurollar yetkazib berilishini oshirishni so‘ramoqda. G‘arb raketalari yordamida bunday zarbalarning berilishiga qo‘yilgan taqiqning olib tashlanish ehtimoli Vladimir Putinni bu borada bayonot berishga majbur qildi: «Moskva buni NATO davlatlarining Rossiya—Ukraina qarama-qarshiligidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki deb qabul qiladi, bu esa mojaroning mohiyatini butunlay o‘zgartirib yuboradi».

Shu sababdan Putin 25 sentabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashining yadroviy masala bo‘yicha yig‘ilishida nutq so‘zladi va Rossiyaning yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. U taklif qilgan eng muhim o‘zgarish yadroviy kuchga ega bo‘lmagan har qanday davlat tomonidan tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda yadroviy quroldan foydalanish imkoniyati edi.

«NATO — kuchli. Biz har qanday dushmanga qarshi tura olamiz. NATOning xavfsizligini ta’minlash, har qanday tahdidga qarshi turishga imkoniyatimiz yetarli. Va NATO tarkibiga kirmaydigan davlatlarning tahdidlari bizni hech qachon qo‘rqita olmaydi. Bu foydasiz, u [Putin] yaxshisi bu ishni qilishni to‘xtatsin», — deydi Ryutte.

NATOning o‘z hududini yadroviy hujumdan himoya qilish bo‘yicha Steadfast Noon nomli yillik mashg‘ulotlari 14 oktyabrda boshlanadi. Uning ta’kidlashicha, bu yilgi mashg‘ulotlarga 60 dan ortiq samolyot jalb etiladi. Mashqlar Shimoliy dengiz uzra – Buyuk Britaniya, Belgiya va Niderlandiya havo kengliklarida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: