NATO Yevropada yillik yadroviy mashg‘ulotlar boshlanishini e’lon qildi

Jahon 08:22 / 11.10.2024 1266

NATOning o‘z hududini yadroviy hujumdan himoya qilish bo‘yicha Steadfast Noon nomli yillik mashg‘ulotlari 14 oktyabrda boshlanadi. Bu haqda 10 oktyabr, payshanba kuni Londonda NATO bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bu yilgi mashg‘ulotlarga 60 dan ortiq samolyot jalb etiladi. Mashqlar Shimoliy dengiz uzra – Buyuk Britaniya, Belgiya va Niderlandiya havo kengliklarida o‘tkaziladi.

«Beqaror dunyoda dushmanlar NATO har qanday tahdidga javob berishga tayyor va qodir ekanligini bilishlari uchun mudofaa kuchimizni sinab ko‘rishimiz va mustahkamlashimiz juda muhim», — deya tushuntirdi Ryutte. Shimoliy Atlantika alyansi ta’kidlashicha, Steadfast Noon mashqlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga reaksiya emas, deb yozadi dpa agentligi.

Mashqlar haqiqiy yadro qurolisiz o‘tkaziladi

Manyovrlar ssenariysiga oid tafsilotlar xabar qilinmagan. Harbiy ekspertlarning fikricha, har yili o‘tkaziladigan bu mashg‘ulotlarda AQSh yadro qurolini yer osti omborlaridan samolyotlarga xavfsiz yetkazib berish va ularga o‘rnatish sinovdan o‘tkaziladi. Biroq, o‘quv parvozlari haqiqiy qurollardan foydalanmasdan amalga oshirilmoqda, deya aniqlik kiritadi dpa.

NATOning yadroviy qurollarni birgalikda ishlatish dasturi Yevropada joylashgan Amerika yadroviy qurollarini favqulodda vaziyatlarda hamkor samolyotlardan dushman nishonlariga tashlashni nazarda tutadi. Rasmiy tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u Italiyaning shimolida, Turkiya, Belgiya, Niderlandiyada, shuningdek Germaniyaning Reynland-Pfals federal yeridagi Byuxel bazasida saqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: