“Ushbu davlat xizmatchilari mamlakatimizga sharaf bilan xizmat qilishdi, ular asossiz hamda siyosiy motivlar bilan qilingan ta’qiblar qurboni bo‘lmasligi kerak”, — deyiladi Bayden ma’muriyati bayonotida.
Bayden ushbu shaxslarni afv etish ularni biror bir jinoyatda aybdor deb tan olishni anglatmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, u koronavirus pandemiyasi davrida Oq uyga harakatlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashgan olim Entoni Fauchini va iste’fodagi general, Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasining sobiq raisi Mark Millini ham afv etdi. Fauchi Donald Tramp tomonidan muntazam ravishda tanqidga uchrab kelgan bo‘lsa, iste’fodagi general Milli Trampni “iligi-yu suyagigacha fashist” va xavfli shaxs deb ta’riflagandi.
Bir necha soatdan so‘ng, mehmonlar AQShning 47 prezidenti inauguratsiyasi uchun Kapitoliyga to‘planganida, Oq uy yana bir afv hujjatini e’lon qildi. Bu safar Bayden o‘z oilasining besh a’zosini oldindan afv etdi.
“Oila-a’zolarim, aslida, faqat menga zarar yetkazishga qaratilgan hujumlar va tahdidlarga duchor bo‘ldi — bu partiyaviy siyosatning eng yomon misoli. Afsuski, bu hujumlar to‘xtashiga ishonchim komil emas”, — deb ta’kidlangan Baydenning Oq uy veb-saytida e’lon qilingan bayonotida.
Xususan, tegishli farmon bilan Baydenning akasi Jyeyms Bayden va uning rafiqasi Sara Jons Bayden, singlisi Valeri Bayden Ouens va uning turmush o‘rtog‘i Jon Ouens, shuningdek ukasi Frensis Bayden afv etildi.
Ularning hech biriga qarshi birorta jinoyat bo‘yicha rasman tergov boshlanmagan. Ammo ayrim respublikachilar ular Bayden davrida foyda ko‘rishganini da’vo qilib keladi.
Afv haqidagi farmonda “Jyeyms Bayden va uning boshqa oila a’zolari 2014 yil 1 yanvardan boshlab ushbu afv berilgan sanagacha (2024 yil, 19 yanvar) AQShga qarshi uyushtirgan yoki ishtirok etgan har qanday zo‘ravonliksiz jinoyatlari uchun kechiriladi” deyilgan.
“Jyeyms va Sara Bayden hech qanday jinoyat sodir etmagani uchun bu afvni so‘ragani yo‘q. Biroq prezident aytgan sabablarga ko‘ra, ular buni qabul qilishga rozi bo‘ldi”, — dedi ularning advokati ABC News’ga.
Yuqoridagi shaxslarni oldindan afv etishdan tashqari, Bayden allaqachon jazo muddatini o‘tayotgan ikki mahkumni ham afv etdi, yana bir kishining hukmini yengillashtirdi.
1975 yilda Federal qidiruv byurosining ikki agentini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Amerika hindulari harakati faoli Leonard Peltierning jazosi yengillashtirildi. 80 yoshli Peltier qolgan umrini uy qamog‘ida o‘tkazishi mumkin. Hukmni yengillashtirish afv etishni anglatmaydi.
Hayrat va minnatdorlik
CNN yozishicha, 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklarni tergov qilgan Kongress a’zolari o‘zlarining oldindan afv etilgani haqidagi xabardan hayratda qolgan. Ular Baydenning rejalari haqida oldindan ogohlantirilmagan.
General Milli va uning oilasi Baydenga “cheksiz minnatdorlik” bildirgan. Kapitoliy sobiq politsiya zobiti Garri Dann ham unga tashakkur aytgan. “Men ham, boshqa davlat xizmatchilari singari, faqat o‘z vazifamni bajardim va qasamyodimga sodiq qoldim”, — degan u.
Shuningdek, Entoni Fauchi Baydenge minnatdorchiligini izhor etgan.
Oldindan afv etish nima?
AQSh Konstitutsiyasi amaldagi prezidentga tergov jarayonining har qanday bosqichida, hatto biron-bir ayblov qo‘yilishidan oldin ham shaxsni afv etish huquqini beradi. Bunday afv etish oldindan yoki profilaktik afv etish deb nomlanadi.
Ammo bu federal jinoiy ta’qibdan himoya qiladi, xolos. Masalan, Kongress yoki soliq xizmati afv etilganlar bo‘yicha baribir o‘z tekshiruvini boshlashi mumkin.
AQSh tarixida oldindan afv etish holatlari juda kam uchraydi. Xususan, 1974 yilda prezident Jyerald Ford o‘zidan oldingi prezident, Uotergeyt mojarosidan so‘ng iste’foga chiqqan Richard Niksonni oldindan afv etgandi.
1977 yilda, prezidentlik lavozimidagi birinchi kunida, Jimmi Karter Vetnam urushi davrida harbiy xizmatdan bosh tortgan minglab kishilarni afv etdi.
Jo Bayden o‘z muddati davomida avvalgi prezidentlarga qaraganda ko‘proq odamni afv etdi. Ular orasida noqonuniy qurol saqlash va soliqlarni to‘lamaganlikda ayblangan o‘g‘li Xanter Bayden ham bor.
Trampning afvi
AQSh prezidenti lavozimiga kirishgan Donald Tramp ham birinchi afv farmonini imzoladi. U Silk Road savdo maydonchasining asoschisi, umrbod qamalgan Ross Ulbrixtni afv etganini e’lon qildi.
2015 yilda Manxetten sudi Ulbrixtni giyohvand moddalarni tarqatish, jinoiy uyushmalarda ishtirok etish, pul yuvish, hujjatlarni qalbakilashtirish va xakerlikda aybdor deb topgandi.
“Unga ikki karra umrbod qamoq va 40 yil berishgan. Bu bema’nilik!”, — dedi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.