Ishdan bo‘shatilgan berahm o‘qituvchi, majburiy mehnatga qarshi Senat, onlayn qimorga yutqazib qo‘ygan MIBchi va Andijonga pulli yo‘l qurilishi muddati — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Mushukni derazadan uloqtirgan o‘qituvchi
Toshkent shahridagi maktablarning birida o‘qituvchi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushukni uloqtirib yuborgan. Sud o‘qituvchini BHMning bir baravari miqdorida jarimaga tortdi. U o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgani ham aytilmoqda.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-maktabning o‘zbek tili o‘qituvchisi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushukni ko‘chaga uloqtirgan. Mushukcha nobud bo‘lgan.
Voqea 27 sentabr kuni sodir bo‘lgan. Poytaxt ta’lim boshqarmasining tushuntirishicha, 7-sinf o‘quvchilari «ona tili darsiga o‘zboshimchalik bilan mushuk olib kirgan».
Garchi boshqarma mushuk jiddiy jarohatlar olmaganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, «Mushukkent» loyihasi mushukcha ikkinchi qavatdan qulashi oqibatida ko‘plab jarohatlar olgani, Ecolog.uz esa mushukcha keyinroq nobud bo‘lganini xabar qilgan.
Uchtepa tumani sudi tomonidan o‘qituvchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 1-qismi —hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun 375 ming so‘m miqdorida jarima solingan.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, o‘qituvchi o‘z arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.
Senat majburiy mehnat haqida
Senat joylardagi paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi. Bunday holatlar Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olingan.
«Mazkur holatlar zudlik bilan o‘rganiladi hamda mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda 1282 yoki 1092 qisqa raqamlariga yoki @munosibmehnat_bot telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi Senat munosabatida.
Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat’iy qarshi ekani, o‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblashini ma’lum qilgandi.
Onlayn qimorga yutqazib qo‘ygan MIBchi
MIBning Yunusobod tumani bo‘limining depozit bo‘yicha mutaxassisi 13 nafar fuqaroning plastik kartasiga o‘tkazib olish orqali bo‘lim depozit hisobraqamidagi mablag‘dan 932 mln so‘mni o‘zlashtirib yubordi. U bu pullarni onlayn qimorga tikib, yutqazgan.
1992 yilda tug‘ilgan M.B. 2022 yil 2 dekabrdan 2023 yil 21 iyulga qadar MIBning Shayxontohur tumani bo‘limi depozit bo‘yicha mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Shu davrda ijro hujjati bo‘yicha qarzdorning ortiqcha to‘langan 46 mln so‘m pulini egasiga qaytarmasdan, jiyanining plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
U 2023 yil 21 iyuldan 27 dekabrga qadar MIBning Yunusobod tumani bo‘limi depozit bo‘yicha mutaxassisi lavozimida ishlagan. U bu yerda ham qisqa muddatda katta miqdordagi pul mablag‘ini o‘zlashtirgan. Ya’ni M.B. jiyani va boshqalar bilan til biriktirib, bo‘lim ish yurituvida ijro hujjatlari mavjud bo‘lmagan 13 nafar fuqaroning plastik kartasiga depozit hisobraqamdagi qoldiq mablag‘ hisobidan jami 932 mln 986 ming so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib olgan. So‘ngra esa ushbu pullarni onlayn qimorga tikib, yutqazib qo‘ygan.
Sud hukmi bilan M.B. 6,5 yil muddatga muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Pulli yo‘l 6 yilda bitkaziladi
Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li 6 yil-u 3 oy muddatda quriladi. Buni Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev ma’lum qilgan. Loyihaga ko‘ra, yo‘lda 10 ta tunnel bo‘ladi.
Vazir o‘rinbosari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lning 64 foizi yangi qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi.
Jarayon uch bosqichdan iborat bo‘ladi: birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi. Yo‘l beton qoplamali bo‘ladi.
Pulli yo‘lda jami 102 ta sun’iy qurilma barpo etilishi kutilmoqda. Undagi yo‘l o‘tkazgichlarning jami uzunligi 1122 metrga yetadi. Yo‘lda jami 10 ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel 6787 metrni tashkil etadi.
Loyiha qiymati 4,28 mlrd dollarni tashkil etadi. Mazkur yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi 49 yil muddatga amal qiladi.
100 tonna oltin qazib olindi
2023 yilda O‘zbekistonda qazib olingan oltin miqdori 100 tonnani tashkil etgan. Bu 2022 yilga nisbatan solishtirganda 4 tonnaga kam.
AQSh Geologiya xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 2023 yilda 130 tonnani tashkil etgan va avvalgi yilga nisbatan o‘sish 15 tonnaga yetgan.
Rossiyada 310 tonna oltin qazib olingan bo‘lib, bu avvalgi yil ko‘rsatkichiga mos keladi.
Umuman olganda, 2023 yilda jahonda 3 ming tonna oltin ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 60 tonna kam.
Qirg‘izistonda oltin qazib olish hajmi bo‘yicha so‘nggi baholashni AQSh Geologiya xizmati hali e’lon qilmagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Qirg‘izistonda 25,3 tonna oltin qazib olingan.