Xitoylik olimlar Mars atmosferasidan energiya ishlab chiqaradigan batareyani yaratdi

Fan-texnika 11:22 / 09.10.2024 1341

AQSh va Xitoy kosmik agentliklari Marsga insonlarni qo‘ndirish va sayyorada doimiy baza barpo etish uchun faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolardan biri baza faoliyatini, shuningdek, Marsga sayohat qiluvchilar va astronavtlarning ishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan doimiy energiya manbasini yaratishdir.

Marsga ko‘p miqdorda uskunalarni yetkazish kosmik kemadagi og‘irlik cheklovlari tufayli ancha qiyin, shu sababdan olimlar bunday energiya manbalarini nafaqat samarali, balki yengil qilish yo‘llarini izlamoqda.

Xitoy ilmiy-texnika universiteti olimlari Mars atmosferasidan energiya hosil qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan noyob batareyani yaratdi. Tadqiqot natijalari Science Bulletin jurnalida chop etildi.

Olimlar Marsdagi kelajak bazasi uchun yaxshi energiya manbai bo‘lgan yengil batareyani ishlab chiqishganini da’vo qilmoqda.

Mars atmosferasining 95 foizini karbonat angidrid, qolgan qismini azot, argon, kislorod va is gazi tashkil etadi. Shuningdek, Qizil sayyorada o‘rtacha harorat minus 63 daraja bo‘lib, qutblar va ekvatorda keskin farq qiladi. Kunduzi va kechasi harorat 60 darajagacha o‘zgarib turishi mumkin.

Olimlarning aytishicha, ular Mars batareyasini Qizil sayyoradagi sharoitlarga maksimal o‘xshaydigan sharoitlarda sinab ko‘rdi va yaxshi natijalarga erishdi.

Batareya Mars atmosferasidagi gazlardan yonilg‘i manbai sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishi mumkin. Oddiy batareyadan farqli ravishda Mars batareyasi energiyani saqlash o‘rniga, yoqilg‘i mavjudligida kimyoviy moddalar bilan uzluksiz reaksiyaga kirishib, elektr energiyasini ishlab chiqaradi, deb ta’kidlamoqda ishlanma mualliflari.

Elektrodlar zaryadsizlanganda batareyalar Mars gazlari bilan o‘zaro ta’sirlashib, elektr energiyasini hosil qiluvchi kimyoviy reaksiyani hosil qiladi. Doimiy ishlash uchun batareyani quyosh energiyasi yordamida zaryadlash mumkin.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, Mars batareyasi 1375 soat davomida zaryadlash/zaryadsizlantirish sikli bilan uzluksiz ishlashi mumkin, bu taxminan ikki Mars oyiga teng. 0 gradus haroratda batareya 373,9 Vt·soat/kg energiya zichligini namoyish etdi.

Batareyani zaryadlash va zaryadsizlantirish jarayoni litiy karbonat hosil bo‘lishi va parchalanishidan iborat bo‘ladi, Mars atmosferasidagi kislorod va is gazi esa reaksiya katalizatorlari bo‘lib, karbonat angidridning o‘zgarish kinetikasini sezilarli darajada tezlashtiradi, deb tushuntirdi olimlar.

Ko‘proq yangiliklar: