Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisiga qidiruv e’lon qilindi

O‘zbekiston 20:03 / 09.10.2024 20437

O‘zbekiston prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaro I.X.ning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Fuqaro o‘z arizasida Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. tomonidan “B.H.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablag‘lari talab qilganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

“Ushbu ariza asosida joriy yilning 7 oktabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sh.Sh. ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSh dollarini olib, jinoiy ta’qibdan qutulish maqsadida noma’lum tomonga yashiringan (40 ming AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan)”,deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Sh.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a“ bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: