9-10 oktyabr kunlari Toshkent shahrida “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevrosiyo CSS 2024” II Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Kiberxavfsizlik markazi tomonidan tashkil qilingan tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniyalar hamda 120 dan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Ozarboyjon, Turkiya, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning kiberxavfsizlik sohasini tartibga soluvchi organlari va xalqaro tashkilotlar — Xalqaro elektr-aloqa ittifoqi, FIRST, SABABA ishtirok etmoqda.
“CSS-2024” kiberxavfsizlik konferensiyasining asosiy maqsadi mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, o‘zaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iborat.
Konferensiyaning umumiy e’tibori raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar va hamkorlik, muhim infratuzilma va biznes aktivlarini himoya qilishga qaratilgan.
Shuningdek, 9 oktyabr kuni konferensiya doirasida “Cyberkent 2.0” musobaqalariga ham start berildi. Unda ROBBO-FEST yosh avlod uchun tashkil qilingan robototexnika musobaqalari ham o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida Red team va Blue team yo‘nalishlarida kiberxavfsizlik musobaqasining final bosqichi ham bo‘lib o‘tadi.
Unda Blue team jamoasi – tashkilotning virtual infratuzilmasini himoya qilishda qalqon bo‘lib, har xil turdagi hujumlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Blue teamʼdan bu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish, hujumlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun texnik bilimlar, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hamda yuqori darajada jamoaviy hamjihatlik talab qilinadi. Finalda saralashlardan o‘tgan 5 ta jamoa ishtirok etadi.
Red team jamoasi — kiberxavfsizlik sohasida tashkilotning xavfsizlik holatini sinab ko‘rish va tizimlaridagi zaifliklarni aniqlash uchun mo‘ljallangan maxsus jamoalar hisoblanadi. Ularning asosiy vazifasi tashkilotning virtual infratuzilmasiga hujum qilib, zaifliklarni aniqlash va ulardan foydalanishdir.