Jahon banki “Toshkent shahrida havo sifatini baholash va O‘zbekistonda havo sifati boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” nomli hisobotini taqdim etdi.
Hisobotda asosiy e’tibor Toshkent shahri havosidagi PM2,5 zarrachalariga qaratilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu zarralarni inson salomatligi uchun eng katta xavf tug‘diradigan ifloslantiruvchi deb hisoblaydi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtda PM2,5 zarrachalarining konsentratsiyasi qish oylarida eng yuqori darajaga yetadi. Shaharda PM2,5ning o‘rtacha yillik konsentratsiyasi JSST belgilagan me’yor (5 mkg/m3)dan 7 baravar ko‘proqni (38,8 mkg/m3) tashkil etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ifloslanish natijasida Toshkent aholisi sog‘lig‘iga yetayotgan zarar qiymati O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 0,7 foiziga teng bo‘lishi mumkin.
“Ushbu tadqiqot davomida Toshkent shahridagi PM2,5 ifloslanishining aholi salomatligiga ta’sirini baholash shuni ko‘rsatdiki, havoning PM2,5 zarralari bilan ifloslanishi Toshkentda har yili taxminan 3000 kishining bevaqt o‘limiga olib kelishi va aholi farovonligiga salbiy ta’siri esa yiliga 488,4 mln AQSh dollarini tashkil etishi mumkin”, – deya qayd etgan tadqiqotchilar.
Qayd etilishicha, erta o‘limlarning aksariyati insult (33 foiz), undan keyin yurak ishemik kasalligi (28 foiz) va quyi nafas yo‘llarining infeksiyalari (23 foiz) sabab bo‘ladi.
Hisobotga ko‘ra, Toshkentda PM2,5 zarrachalari bilan antropogen ifloslanishning asosiy manbalari isitish sektori (28 foiz), transport (16 foiz) va sanoat (13 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shaharda PM2,5 emissiyasining eng katta manbayi isitishdir: garchi bu omil asosan qish oylariga to‘g‘ri kelsa-da, uning yillik ulushi PM2,5 emissiyasining deyarli uchdan bir qismini tashkil qiladi. Umumiy yillik PM2,5 chiqindilarining 18 foizi yo‘l changining ko‘tarilishi va qurilish ishlari natijasida hosil bo‘lgan shahar changi bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.
Ifloslanishning 36 foizini inson omiliga bog‘liq bo‘lmagan transchegaraviy, xususan shamol bilan keladigan changlar tashkil etadi. Yoz mavsumida aynan shu omil, qish mavsumida esa isitish bilan bog‘liq manbalar ustunlik qiladi.
Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish uchun, jumladan, quyidagi tavsiyalarni ilgari surgan:
- havo sifati standartlari va tegishli qoidalarni yangilash, havo sifatini boshqarish milliy strategiyasini ishlab chiqish va zarur muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish;
- issiqlik tarmog‘idagi emissiyani kamaytirish uchun yoqilg‘i sifatini va isitish moslamalarining samaradorligini oshirish, binolarning energiya samaradorligini oshirish;
- uy xo‘jaliklariga (ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga) o‘z binolarini energiya tejamkor va ekologik toza isitishga sarmoya kiritish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish.
Texnik baholash natijalari Toshkent shahridagi havo sifatini keyingi tahlil qilish uchun asos bo‘ldi va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham shunday baholashlarni o‘tkazish uchun namuna bo‘la oladi, deya xulosa qilgan xalqaro ekspertlar.
Hisobotdan ayrim muhim jadvallar