Rossiyada mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkni xatlashga ruxsat berilishi mumkin

Jahon 23:39 / 09.10.2024 3702

Tatariston Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulkini xatlash huquqini beradigan qonun loyihasini Davlat dumasiga kiritadi. Bu haqda Tatariston Davlat kengashi qo‘mitasi raisi Aleksandr Chubarov ma’lum qildi.

«Biz mazkur qonun loyihasini ishlab chiqdik. Tatariston Respublikasi Davlat kengashi Qonunchilik va tartib bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan bugungi sessiyada uni Davlat dumasiga yuborish ma’qullandi», — deydi Chubarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kodeksga kiritiladigan o‘zgartirish orqali mamlakatni tark etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan taqdirda, ularning Rossiya hududidagi mol-mulkini xatlash imkoni beriladi.

Tatariston deputatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘tgan yili o‘zgartirish kiritishni taklif qilgandi. Avgust oyida Rossiya hukumati chet elda yashab, u yerda huquqbuzarlik sodir etadigan rossiyaliklarga ma’muriy bayonnomalar tuzish imkonini beradigan tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Chubarovning aytishicha, qonun loyihasiga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi» har qanday harakatlar uchun emigrantlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilishi mumkin. Xususan, bu ekstremizm, so‘z erkinligini suiiste’mol qilish va «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» bilan bog‘liq moddalarga ham taalluqli.

Ta’kidlanishicha, xorijiy davlatlar hududlarida «turli jamoat yetakchilari va faollari Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi qaratilgan faoliyatni amalga oshirib keladi», ammo ularni javobgarlikka tortish imkonsiz.

Qonun loyihasi bilan RF Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda, bu esa qonunbuzarlarni sirtdan ma’muriy javobgarlikka tortish imkonini beradi.

RTVI’ning yozishicha, Rossiya hukumati jinoiy moddalar sonini oshirishni rejalashtirmoqda — uning doirasida «Rosfinmonitoring» tomonidan gumonlanayotgan va ayblanayotganlar ekstremizm yoki terrorizmga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi hamda ularning bank hisobraqamlari bloklanishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng keyingi 100 yil ichida Rossiyada ro‘y bergan eng yirik siyosiy immigratsiya harbiy safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng yanada kuchaygan, Yevropa davlatlari, Turkiya va sobiq ittifoq davlatlarini Rossiya pasporti sohiblari bilan to‘ldirgan. The Bell nashrining jahonning 70 ta davlati migratsiya xizmatiga asoslanib hisoblashicha, 2024 yilning iyul oyi holatiga 700 mingdan ortiq relokantlar Rossiyaga qaytmagan.

Ko‘proq yangiliklar: