RF chegarachilari Armaniston va Eron chegarasini qo‘riqlashni to‘xtatadi

Jahon 08:51 / 09.10.2024 3380

Rossiya chegarachilari Armaniston va Eron chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktini qo‘riqlashni to‘xtatadi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi uchrashuvda shu haqda kelishib oldilar, deb xabar berdi Armaniston bosh vaziri matbuot kotibi Nazeli Bagdasaryan 8 oktyabr, seshanba kuni Facebookʼda.

RF chegarachilari Armaniston mustaqillikka erishganidan beri NO‘Pni nazorat qiladi

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab nazorat-o‘tkazish punktida nazorat to‘liq Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, MXX chegara qo‘shinlari Armanistonning Eron va Turkiya bilan davlat chegaralarini himoya qilishda ishtirok etadi, dedi Bagdasaryan.

Xabarda aytilishicha, Pashinyan Armaniston mustaqillikka erishganidan beri Armaniston va Eron o‘rtasidagi chegara nazorat punktida rossiyalik chegarachilar xizmati uchun Putinga minnatdorchilik bildirgan.

RF ishtirokisiz Armaniston transport loyihasi

Bundan tashqari, Pashinyan Putin bilan uchrashuvda «Dunyo chorrahasi» loyihasi tafsilotlarini taqdim etdi. U, shuningdek, Armaniston bilan bog‘liq chiqishlarida «bir qator Rossiya rasmiylari tomonidan mintaqaviy masalalarda qo‘llangan iboralardan xavotir bildirdi».

«Dunyo chorrahasi» – Armaniston, Turkiya, Ozarboyjon va Eron orqali transport koridorini yaratish bo‘yicha Armaniston tashabbusi. Rejalashtirilganidek, u har bir davlatning suvereniteti va yurisdiksiyasi ostida Rossiya Federatsiyasi ishtirokisiz ishlaydi.

Avvalroq Yerevan rossiyalik chegarachilarni Ozarboyjon bilan chegaradan, keyin esa poytaxt aeroportidan olib chiqishga erishgan edi. Bundan tashqari, Pashinyan va Putin may oyida Rossiya harbiylarini Armanistonning bir qator viloyatlaridan olib chiqib ketish bo‘yicha kelishib olgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: