Slovakiya bosh vaziri OAVni nazorat qiladigan boshqarma tuzish kerakligini aytdi

Jahon 23:59 / 08.10.2024 2055

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso respublikada OAV faoliyatini nazorat qiladigan milliy boshqarma tashkil etish taklifini bildirdi.

«Fuqarolarning yolg‘on ma’lumotni tuzatish, javob qaytarish huquqlari bo‘lishi kerak, chunki Slovakiyadagidek tartibsiz OAV boshqa hech yerda, Yevropa Ittifoqidagi birorta davlatda yo‘q», — deydi Fitso.

Uning fikricha, jurnalistika bilan faqat ushbu soha diplomiga ega mutaxassislar shug‘ullanishi kerak. Jurnalistlar bitta tuzilmaga biriktirilishi va uning funksiyalari orasida vijdonsiz OAV xodimini javobgarlikka tortish imkoniyati ham bo‘lishi lozim.

«Ko‘nglingizga kelgan hamma ishni qilmoqdasizlar va sizlarda hech qanaqa mas’uliyat yo‘q», — deydi Fitso jurnalistlarga murojaatida.

Bosh vazir Slovakiya jamiyatida keskinlikning oshib ketganida jurnalistlarni aybladi. U may oyida o‘ziga uyushtirilgan suiqasd ham OAVdagi maqolalar natijasi ekanini aytdi. «Hokimiyat haqida yozganda nafratingizning chegarasi yo‘q. Vaqti keladi, biz bunga chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», — deydi u.

Fitso jurnalistlarni siyosatchilar bilan o‘ynashni bas qilishga va mamlakatdagi parlament saylovlarining demokratik natijalarini hurmat qilishga chaqirdi.

15 may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bir necha bor o‘q uzilishi oqibatida yaralangan edi. Suiqasdda gumonlanuvchi — 71 yoshli slovak yozuvchisi Yuray Tsintula. U o‘z harakatini hukumat siyosatidan norozi ekani bilan izohladi. 31 may kuni Fitso kasalxonadan chiqdi. 

Ko‘proq yangiliklar: