Qozog‘istonda AES qurilishi o‘rtacha 10 yil davom etadi

Jahon 20:58 / 08.10.2024 3381

Qozog‘istonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasi (AES) ekspluatatsiyasini kadrlar bilan ta’minlash maqsadida xalqaro malakaga ega barcha darajadagi mutaxassis-muhandislar zaxirasi tayyorlanmoqda. Bu haqda Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar ma’lum qildi.

«Atom elektr stansiyasini qurish o‘rtacha 10 yil davom etadi. Bu davrda kadrlar tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqiladi. AES inshootiga to‘liq qozog‘istonlik mutaxassislar xizmat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, xalqaro malakaga ega barcha darajadagi yuqori malakali muhandis-mutaxassislar zaxirasi tayyorlanadi», dedi Roman Sklyar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda AES qurilishi bo‘yicha konsorsiumga 5 ta davlat qo‘shilishi mumkin.

«O‘ylaymanki, bu konsorsium kelajakda 5 ta davlatdan iborat bo‘ladi. Atom elektr stansiyasi shunchaki obekt emas. U o‘zining tarkibiy bo‘limida turli davlatlar yetakchi bo‘lgan bir qator tuzilmalardan iborat», dedi Sklyar.

Uning qayd etishicha, stansiyani loyihalash jarayonida turli mamlakatlardan eng ilg‘or texnologiyalar olinadi. Shuning uchun qurilish jarayoniga turli kompaniyalar va subpudratchilar safarbar etilgan.

6 oktyabr kuni Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 71,12 foizi yoki 5 million 561 ming 937 nafari Qozog‘istonda AES qurish masalasini qo‘llab-quvvatlagan. Qarshi ovoz berganlar esa 2 045 271 kishi.

Ko‘proq yangiliklar: