Jang maydoniga aylanadigan shtatlar: AQShdagi saylovlar natijasini kim hal qiladi?

Jahon 19:35 / 08.10.2024 7161

Donald Tramp va Kamala Harris Arizona, Viskonsin, Jorjiya, Michigan, Nevada, Pensilvaniya va Shimoliy Karolinada qaqshatqich kurash olib bormoqda — eng ko‘p mitinglar shu hududlarda o‘tkazilib, eng ko‘p mablag‘ shu hududlar uchun televizion reklamalarga sarflanmoqda. Bu shtatlarni ko‘pincha battleground deb ham atashadi, inglizchadan tarjimasi «jang maydoni» ma’nosini beradi.

Ozchilik hokimiyati

Alohida shtatlarning muhimligi Amerikadagi ovoz berish tizimi bilan bog‘liq, unga ko‘ra prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish orqali emas, balki saylovchilar hay’ati tomonidan saylanadi. Eng ko‘p saylovchi ovoziga ega bo‘lgan nomzod emas, 538 nafar delegatdan kamida 270 nafarining ovozini qo‘lga kiritgan nomzod g‘olib chiqadi. Masalan, 2016 yilda Hillari Klinton uchun ovoz bergan saylovchilar soni g‘olib Trampga ovoz berganlardan uch millionga ko‘p edi.

Bu federativ konstitutsion tuzilish bilan bog‘liq: texnik jihatdan, avvaliga har bir shtat aholisi ovoz beradi, keyin delegatlar o‘z ovozlarini shtat g‘olibi uchun berishadi. Amerikaliklarning ko‘pchiligi bu tizimni bekor qilishni yoqlaydi, ammo siyosatchilar uni o‘zgartirishga tayyor emas.

Shtatlarning ko‘pchiligidagi natijani oldindan aytish mumkin, chunki ular azaldan aniq siyosiy yo‘nalishga ega va bu o‘nlab yillar mobaynida o‘zgarmaydi. Nyu Yorkda respublikachi nomzod g‘olib bo‘lishi oxirgi bor 40 yil muqaddam, Ronald Reygan ikkinchi muddatga saylanganida kuzatilgan; janubdagi qator shtatlar oxirgi bor 60 yil oldin, Jon Kennedi o‘limidan keyin demokrat nomzod uchun ovoz bergandi. Ijtimoiy so‘rovlar ko‘rsatishicha, bu yil ham ko‘p narsa jiddiy o‘zgarmaydi.

Ammo saylovlarda g‘olib bo‘lish uchun liberal yoki konservativ shtatlardagi ustunlikning o‘zi yetarli emas. Faqat Barak Obama ikkilanuvchi shtatlarning barchasida hech bo‘lmaganda bir martadan g‘olib bo‘lgan; 2016 yilda ularning ko‘pchiligi Trampni, 2020 yilda — ko‘pchiligi Jo Baydenni qo‘llagan.

Shu bilan birga, mazkur shtatlar aholisi siyosiy prinsiplarini qo‘lqop kabi almashtirishini anglatmaydi. Ulardagi saylovchilarning aksari, xuddi butun mamlakatdagi kabi, saylov kuni kimga ovoz berishini biladi. Masalan, Viskonsindagi sanoatlashgan Miluoki shahri va siyosiy markaz hisoblangan Medison asosan demokratlarga ovoz beradi, ularning atrofidagi qishloq okruglari esa respublikachilarga ovoz berishni afzal ko‘radi.

Ammo bu shtatlarning barchasida respublikachilar tarafdori bo‘lgan va o‘zini demokrat deb biladigan saylovchilar soni taxminan teng va saylov natijasi ozchilikni tashkil etadigan beqarorlarning tanloviga bog‘liq. Mavhumlik ular qaror qilishda qiynalishi bilan bog‘liq emas. Ijtimoiy so‘rovlarning ko‘rsatishicha, bu saylovchilar siyosatni u qadar qiziqib kuzatishmaydi. Mashhur bo‘lgan komediyada bunday toifadagi saylovchilar ijtimoiy so‘rovda ularga «prezidentlikka nomzodlarning ismi nima?» va «saylovlar qachon?» kabi savollar berish orqali tasvirlanadi.

Ammo ularga befarqlik bilan qarash nomzodlarga qimmatga tushishi mumkin. Hillari Klinton 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Viskonsinga kelmagandi va buni uning saylov shtabining hal qiluvchi xatolaridan biri deb bilishadi. Yakunda u Obama ikki safar ham ishonchli g‘alabaga erishgan mazkur shtatda yutqazgandi.

Oq uyga Pensilvaniya orqali

Sobiq prezident, respublikachilar nomzodi Donald Tramp bu safargi saylovoldi siklini favorit sifatida boshlagandi. U amaldagi prezident Jo Baydenni bahordagi barcha ijtimoiy so‘rovlarda ortda qoldirgan, iyundagi debatlarda g‘olib bo‘lgan hamda iyul oyidagi suiqasddan omon chiqqandi. Qaysidir pallada uning g‘alabasi muqarrar bo‘lib ko‘rina boshlagandi.

Bu esa demokratlarni Baydenni poygadan chiqib, vitse-prezident Kamala Harrisga imkon berishga undashga majbur qildi. Natijada AQSh prezidentligi saylovlari tarixida oldin kuzatilmagan voqea ro‘y berib, ovoz berishga to‘rt oy vaqt qolganida poyganing borishi o‘zgardi. Harris darhol demokrat saylovchilar orasidagi entuziazm to‘lqinida ijtimoiy so‘rovlarda Trampdan o‘zib ketdi.

Obama ikkilanuvchi shtatlarda faol kampaniya o‘tkazgan va ularda g‘olib chiqqan; Hillari Klinton esa saylovoldi kampaniyasi vaqtida Viskonsinga bormagan va yutqazgandi

Ammo kuzga kelib bu entuziazm so‘ndi va shu narsa ayonlashdi: oldindagi saylovlar so‘nggi o‘n yilliklardagi natijasini oldindan aytish eng qiyin bo‘lgan saylovga aylanadi.

Harris ham, Tramp ham bir nechta ikkilanuvchi shtatlarda g‘olib chiqishi kerak. Turli ijtimoiy so‘rovlar ma’lumotlarini bir joyga jamlagan tahlilga ko‘ra, hozirda Harris Trampni Michigan, Nevada, Pensilvaniya va Viskonsinda 1-2 foizga ortda qoldirmoqda, Tramp esa Jorjiya va Arizonada taxminan 1 foizlik ustunlikka ega.

Shimoliy Karolinada ijtimoiy so‘rovlar nomzodlarni qo‘llab-quvvatlov darajasi tengligini ko‘rsatmoqda, ammo aslida bu shtatlarning barchasidagi imkoniyatlarni teng hisoblash mumkin, chunki tomonlarning birortasi foydasiga bo‘lgan 1-2 foizlik farqni sotsiologlar statistik xatolik deb bilishadi.

2020 yilda Jo Bayden Viskonsinda Donald Trampga qaraganda 20 600 ta ko‘proq ovoz olib g‘olib chiqqandi. Bu safar muhim shtatlarda g‘olib va mag‘lub orasidagi farq yanada kichikroq bo‘lishi mumkin, demoqda tahlilchilar.

Ikki nomzod uchun ham g‘alaba sari eng oddiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l Pensilvaniyada ustunlikka erishish bo‘lishi mumkin. AQSh Konstitutsiyasi bo‘lgan ushbu shtatda 19 ta delegat ovozi bo‘ladi, bu boshqa ikkilanuvchi shtatlarning hammasinikidan ko‘proq. Shuning uchun Harris ham, Tramp ham eng ko‘p miting va tashviqot tadbirlarini aynan shu shtatda o‘tkazmoqda, shuningdek bu yerda televizion reklama uchun eng ko‘p mablag‘ni sarflamoqda — New York Times nashri yozishicha, bunday xarajatlar jami 138 mln dollarni tashkil etgan.

Arablar Trampga iliqlik his qilmoqda, polyaklar Harris ko‘z tikkan

Harris shtabining yangi roligi «Beqaror tahdid» deb nomlanadi va unda Trampning sobiq ittifoqchilari — vitse-prezident Mayk Pens, uning ma’muriyati davridagi mudofaa vaziri hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilarning unga mamlakat xavfsizligini ishonib bo‘lmasligi to‘g‘risidagi so‘zlari keltiriladi. Reklama ikkilanuvchi shtatlarning barchasidagi telekanallarda translatsiya qilinmoqda.

Bu mamlakatning boshqa shtatlaridagi saylovchilarning ko‘proq qismi Harris jahon maydonida AQSh manfaatlarini himoya qilishga ko‘proq qodirroq deb bilishi bilan bog‘liq. Ikkilanuvchi shtatlarda esa — buning aksi. Global siyosat instituti buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan so‘rovda bu hududlardagi saylovchilarning 52 foizi Trampning tashqi siyosat bo‘yicha iste’dodini Harrisnikidan yuqoriroq hisoblashi ma’lum bo‘lgan.

Amerikada kelib chiqishiga ko‘ra arab bo‘lganlar Bayden ma’muriyatini «harbiy jinoyat» va «genotsid»ga aloqador deb hisoblaydi — ular Isroilning so‘nggi yil davomidagi harakatlarini shunday baholaydi

Harrisning tashqi siyosat masalasidagi eng zaif nuqtasi — G‘azodagi urushda Isroilni qo‘llashidir. U kelib chiqishiga ko‘ra arab bo‘lgan va Michiganda ko‘pchilikni tashkil etadigan amerikaliklarda g‘azab va hafsalasizlik uyg‘otgan. Harris Baydenning isroilparast pozitsiyasidan masofa saqlash imkoniyati bor edi, ammo u bunday qilmadi.

Uzoq vaqtgacha ular saylov natijasiga ta’sir qilmaydi deb hisoblab kelingandi: undan qanchalik ko‘ngli qolgan bo‘lmasin, Amerikadagi arablar va musulmonlar Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydigan Trampga ham ovoz bermasligiga umid bog‘langandi. Tramp 2017 yilda prezident sifatidagi ilk qilgan ishi AQShga qator musulmon davlatlarning fuqarolari kirishini taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolash bo‘lgandi. Tanqidchilar bu farmonga «musulmonlarga taqiq» deb nom bergan.

Ammo yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, joriy yilda ilk bor kelib chiqishiga ko‘ra arab bo‘lgan saylovchilarning ko‘proq qismi respublikachilar nomzodiga ovoz berishga tayyor. Va Isroilning Livanga bostirib kirishi va Bayden ma’muriyati buni qo‘llab-quvvatlagani ham bu trend saqlanib qolishini anglatadi.

Harris buning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilmoqda: chorshanba kuni uning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Fil Gordon AQShdagi musulmonlar va arab jamoalari vakillari bilan Zoom orqali yig‘ilish o‘tkazdi va ularni demokratlar G‘azoda sulhga erishish va Livandagi mojaroni diplomatik vositalar orqali hal qilishda qat’iyat ko‘rsatishiga ishontirdi.

Harris Sharqiy Yevropadan kelgan diasporalarga ham murojaat qilib, Ukraina tomon pozitsiyasida sobitligi va Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan murosaga bormasligini ta’kidladi — Tramp esa bu masalada betaraflik tanlagan. Uning Putin Polsha uchun ham tahdid solib turgani haqidagi so‘zlari Amerikada kelib chiqishiga ko‘ra polyak bo‘lgan aholining e’tiborini o‘ziga qaratdi, muhim shtat Pensilvaniyada polyak diasporasi — 700 ming kishiga yaqin bo‘lib — ular avvaldan respublikachilar tarafdori hisoblangan.

Trampning noqonuniy migratsiyaga nisbatan keskin pozitsiyasi unga nafaqat oq tanli saylovchilar, balki Lotin Amerikasidan kelib, AQSh fuqaroligini olganlarning ham qo‘lloviga ega bo‘lishini ta’minlagan

Ikkilanuvchi shtatlar mamlakatning turli qismlarida joylashgan va bir-biridan demografik, iqtisodiy va iqlim jihatdan farqlanadi. Bu oq tanli aholi va ishchi sinf vakillari ko‘pchilikni tashkil etuvchi, Amerika korxonalari Xitoyga ko‘chirilganidan keyin chuqur iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan O‘rta G‘arb (Michigan, Viskonsin) ham; aholisining 30 foizga yaqinini lotin amerikaliklar tashkil etuvchi, hududining katta qismi sahrolardan iborat bo‘lgan mamlakat g‘arbi (Arizona, Nevada) ham; va afroamerikaliklar ulushi ancha ko‘proq bo‘lgan, mamlakat janubidagi sobiq Konfederatsiya shtatlari bo‘lmish Jorjiya va Shimoliy Karolina ham.

Teri rangi va etnos endi yaqin vaqtgacha bo‘lgani kabi siyosiy imtiyozlar bilan bevosita bog‘liq emas. Kelib chiqishiga ko‘ra Lotin Amerika mamlakatlariga mansub bo‘lgan aholining ko‘pchiligi paradoksal tarzda Trampni, jumladan uning noqonuniy migratsiya masalasidagi qat’iy pozitsiyasini qo‘llaydi. Bu federal miqyosda ham, ayniqsa janubiy shtatlarda saylovchilarni tashvishga soluvchi o‘tkir muammolardan biridir. Bu nima uchun ikkilanuvchi shtatlar safidagi Arizona Trampga ovoz berishini ham izohlaydi. Shtat Meksika bilan chegaradosh, chegaraning Meksika tomonini esa narkokartellar nazorat qiladi.

Tramp tomonidan qabul qilingan keskin choralar chegarani noqonuniy kesib o‘tish holatlarini sezilarli darajada kamaytirishga yordam bergandi. Bayden esa bunday qarorlarning ko‘pchiligini bekor qildi, bu esa bo‘lg‘usi migrantlarni rag‘batlantirdi. Yakunda uning boshqaruvi davrida AQShning Meksika bilan janubiy chegarasini 8 millionga yaqin kishi noqonuniy kesib o‘tdi — bu Tramp boshqaruvi davridagi (2,4 mln atrofida) bilan solishtirganda uch karra ko‘proq.

Yakunda Bayden Tramp davrida joriy etilgan choralarni qaytara boshladi va Kamala Harris ham shu yo‘nalishda davom etishini va’da qilgan. O‘tgan haftada u Meksika bilan chegaradagi Arizona okrugiga borib, bu yerda AQShdan boshpana berish qoidalarini qiyinlashtirish va noqonuniy migratsiyani cheklashga qaratilgan boshqa choralarni va’da qildi.

Hozircha bu saylovchilarni — ayniqsa chegara hududlarda yashovchilarni ishontira olmagan.

«Men uni va prezident Baydenni kuzatdim. Bizda ochiq chegaralar siyosati edi. Hozirda biz bu nimaga olib kelganini ko‘rib turibmiz», — deydi mahalliy fermer Jim Chilton Harrisga chegara hududiga qilingan safarda hamrohlik qilgan BBC muxbiriga.

Mamlakatdagi eng muhim okrug

Vitse-prezidentlikka nomzod Tim Uolz Harrisni targ‘ib qilish uchun Nebraskaning 2-okrugiga borgan

Sotsiologlar an’anaviy ikkilanuvchi shtatlardan tashqari Nebraska shtatidagi 2-saylov okrugiga ham alohida e’tibor qaratishadi. Bu yerda Nebraskaning aholisi eng zich joylashgan va shaharlashgan qismi, muvaffaqiyatli moliyaviy-iqtisodiy markaz Omaha shahri va uning chekkalarida yashovchi 600 mingdan ortiq kishi ovoz beradi.

Nebraska — shtatdagi delegatlardan barchasi bir nomzodga ovoz berishi bo‘yicha qoidaga amal qilmaydigan ikki shtatdan biridir (ikkinchi shunday shtat — Men, u doimo demokratlarni qo‘llaydi). Nebraska besh delegat ovoziga ega; shundan ikkita ovoz shtat g‘olibiga beriladi, yana uch ovoz — uchta saylov okrugining har birida g‘olib bo‘lganlarga ketadi. Va shtatning katta qismi barqaror ravishda respublikachilarga ovoz berib kelsa, 2-okrugda ikkilanish bo‘ladi. 2008 yilda uning aholisi Obamani qo‘llagan; 2020 yilda ham bu yerda ovozlar Baydenga berilgan.

Bu bir ovoz Harrisga katta yordam berishi mumkin. Sotsiologlarning prognozlariga ko‘ra, agar u Pensilvaniya, Viskonsin va Michiganda g‘olib chiqsa, unda Nebraskaning 2-okrugidagi g‘oliblik unga Oq uyga kirish uchun zarur bo‘ladigan 270 delegat ovozini yig‘ishni kafolatlashi mumkin.

Saylovlar arafasida Tramp mavjud tizim bekor qilinishi va Nebraskadagi barcha besh ovoz bir nomzodga berilishini ko‘zda tutuvchi tizimga qaytarilishiga harakat qildi. Uning ittifoqchilari shtat poytaxtiga muzokaralar uchun borishdi va mahalliy gazetalar u Nebraska qonunchilik kengashi a’zolariga ularni qoidani o‘zgartirishga ko‘ndirish uchun shaxsan qo‘ng‘iroq qilgani haqida yozishdi. Ammo tashabbus o‘tmadi va oldindagi saylovlarda ham 2-okrug o‘z tanlovini amalga oshiradi.

Shuni ta’kidlash kerakk, sotsiologlar xato qilishi ham mumkin. 2016 yilgi saylov kampaniyasi davomida Hillari Klinton favorit bo‘lgan va Tramp biror marta ham uni ijtimoiy so‘rovlarda ortda qoldira olmagandi. Saylovlardan oldin sotsiologlar u Viskonsinda 83,5 foiz, Michiganda — 78,9 foiz, Pensilvaniyada — 77 foiz ovoz bilan g‘olib chiqishini kutishgandi. U esa uchala shtatda va umuman saylovda ham yutqazdi.

Bundan tashqari, saylov kuni yaqinlasharkan, har bir kutilmagan voqea natijaga mutanosib ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, 2016 yilgi saylov kuniga bir kun qolganida FQB direktori Jyeyms Komi Kongressga maktub yozib, agentlik Hillari Klintonning elektron xatlari bo‘yicha yangi tergov boshlaganini ma’lum qilgandi. Uning ko‘plab tarafdorlari aynan shu maktubni mag‘lubiyatning asosiy sabablaridan biri deb bilishadi.

Ko‘proq yangiliklar: