Inson uzoq umr ko‘rishning biologik chegaralariga yaqinlashib qoldi - tadqiqot

Jahon 16:50 / 08.10.2024 5302

Amerikalik olimlar XIX—XX asrlarda kuzatilgan o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining o‘sishi yaqin kelajakda sekinlashishi haqidagi nazariyani ilgari surdi. Tadqiqotchilarning fikricha, insonlar organizm biologiyasi belgilab bergan chegaralarga yetib kelgan. Bu haqda Chikagodagi Illinoys shtati universiteti bayonotida aytiladi.

Tibbiyot sohasidagi yutuqlar ko‘plab keksa odamlarning umrini uzaytirdi. Biroq bu yo‘nalishdagi yangi ishlanmalar tobora kamroq natija bermoqda. Bu esa umr ko‘rish davomiyligining tez sur’atlarda o‘sishi davri yakunlanganidan dalolat beradi”, — deb ta’kidladi professor Jyey Olshanski.

Olimlar keksalarning umr ko‘rish davomiyligi yuqori bo‘lgan bir nechta mamlakatda ushbu ko‘rsatkichning o‘zgarish dinamikasini o‘rgandi. Tadqiqotda Avstraliya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya, shuningdek, Honkong va AQSh ishtirok etdi.

Tahlil davomida olimlar keksalar o‘rtasida o‘lim ehtimolining o‘zgarishi hamda ularning 100 yoshgacha yashash imkoniyatlarini baholadi. Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida olimlar ushbu mamlakatlarda umr ko‘rish davomiyligini oshirish uchun o‘lim darajasini qanchalik kamaytirish kerakligini hisoblab chiqdi. Natijalar esa 1950 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davr statistikasi bilan taqqoslandi.

Tadqiqot natijalari

Barcha o‘rganilgan mamlakatlarda umr ko‘rish davomiyligining o‘sishi deyarli to‘xtab qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat 65 yoshdan oshgan kishilar orasida o‘lim ko‘rsatkichlarining pasayish sur’ati sekinlashgani bilan bog‘liq. Professor Olshanskining ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich so‘nggi 30 yil ichida 30 foizga kamaygan, biroq davomiy o‘sishni ta’minlash uchun u yana 88 foizga pasayishi kerak edi.

Olimlarning prognozlariga ko‘ra, keyingi 30 yil ichida uzoq umr ko‘ruvchilar soni eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarda umr davomiyligi atigi 2,5 yilga ortadi, bu esa oldingi yillardagi o‘sish sur’atidan ancha past. Bu hol insonlar hayotning biologik chegaralariga yetgani haqidagi farazni tasdiqlaydi va tibbiy texnologiyalar yordamida umrni sezilarli darajada uzaytirish imkoniyatini shubha ostiga qo‘yadi.

Tadqiqotchilarning baholashicha, asrda ayollarning faqat 15 foizi, erkaklarning 5 foizi 100 yoshgacha umr ko‘rishi mumkin. Balki, ushbu chegarani gen terapiyasi va qarish jarayonini sekinlashtiradigan dori vositalari yaratilganidan keyingina yengish mumkin bo‘lar, ammo bu ham barcha insonlarning 100 yil yashashini kafolatlamaydi.

Ko‘proq yangiliklar: