Hindistonda yuz minglab tomoshabin yig‘ilgan aviashouda besh kishi halok bo‘ldi

Jahon 20:47 / 08.10.2024 10673

Hindistonning Chennai shahridagi plyajda 6 oktyabr kuni mamlakat Harbiy-havo kuchlarining 92 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan aviashouni tomosha qilish uchun 100 minglab odam to‘plandi, deb xabar beradi The India Today.

Qayd etilishicha, fuqarolarning aksariyati plyajga shou boshlanishidan 2-3 soat oldin kelib, qulay joyni egallab olishga uringan. Shou yakunlanganida esa tomoshabinlar plyajdan osonlikcha chiqib keta olmagan, natijada odamlar jazirama havoda suvsiz va quyoshdan himoya vositasisiz qolib ketgan.

Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq insonga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. OAV va siyosatchilar ko‘ngilsiz holat bo‘yicha mas’uliyatni shou tashkilotchilari zimmasiga yuklamoqda — ular tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlay olmagan.

«Neypir ko‘prigi yaqinidagi plyajda bir kishi vafot etgani aytildi. Qolgan qurbonlar turli joylarda, uylariga ketishda halok bo‘lgan. Bu aniq bir joyda sodir bo‘lgan tiqilinch emas», — deydi mahalliy politsiya xodimlaridan biri.

«Ko‘z o‘ngimda bolalar hushidan ketib qoldi. Odamlarni yo‘naltirishi mumkin bo‘lgan hech qanaqa ogohlantirish tizimi, suv tarqatadigan kiosklar va joylarda tibbiy yordam yo‘q. Yo‘llardagi harakat esa dahshatli edi», — deya ta’kidlaydi shou ishtirokchilaridan biri.

Ko‘proq yangiliklar: