8 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 20:26 / 08.10.2024 7134

200 kilovatt-soatlik haqida vazirning fikri, “Afrosiyob” poyezdlari qatnovida o‘zgarish, Qarshidagi gaz quyish shoxobchasida portlash — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

200 kilovattlik norma oshirilmaydi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi iste’mol uchun kiritilgan 200 kilovattlik ijtimoiy me’yor oshirilishi kutilmayotganini aytdi. 

«Birinchidan, 200 kilovattlik norma ertaga oshirish uchun emas, tahlil qilib, me’yorlardan va iste’moldan kelib chiqib, barchasini o‘rganib chiqqandan so‘ng kiritilgan. O‘shanda tahlil qilinganda iste’molchilarning 60 foizdan ortig‘i 200 kilovattdan kam ishlatgani ma’lum bo‘lgandi. Undan ortig‘ini ishlatsa ishlatsin, faqat tabaqalashtirilgan tarifda», — dedi u.

Vazirning aytishicha, mamlakatda elektr energiya ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan va bunga iste’mol kamligi sabab bo‘lgan. Abonentlar soni oshganiga qaramay 2023 yilning mos davri bilan solishtirganda 2024 yil iyunidan sentabrigacha oylik iste’mol hajmi kamaygan.

Ya’ni iste’molchilar ijtimoiy norma va tabaqalashtirilgan tariflar kiritilganidan so‘ng elektr energiyasini tejay boshlagan.

«Afrosiyob» poyezdlari qatnovida o‘zgarish

8 oktyabrdan boshlab tezyurar «Afrosiyob» poyezdlari qatnovi vaqti oldinga surildi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tezyurar poyezdlarning ertalabki qatnov vaqtini o‘zgartirishni rejalashtirayotgani, bu xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning tarixiy shaharlarda uzoqroq bo‘lishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi.

Oltin-valuta zaxiralari 41 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentabr oyida 1,98 milliard dollarga oshib, 41,139 milliard dollarga yetdi. Bu haqdagi ma’lumot Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan.

Markaziy bank zaxiralari ketma-ket uch oydan beri o‘smoqda — iyulda 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga. Sentyabrda esa o‘sish 1,98 milliard dollarni tashkil etgan.

Bu 2013 yildan beri yuritiladigan statistik ma’lumotlarning butun davri uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar qayerga sayohatga bormoqda?

2024 yilda xorijga sayohatga borgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi. Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida ularning soni 4 milliondan oshgani aytilmoqda.

Statistika agentligiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 1,1 mln nafarga yoki 37,2 foizga oshgan.

O‘zbekistonliklar turistik maqsadda eng ko‘p borgan davlatlar yettiligi quyidagilar:

  • Qirg‘iziston – 1 mln 913,6 ming nafar;
  • Tojikiston – 797,6 ming nafar;
  • Qozog‘iston – 640,2 ming nafar;
  • Rossiya – 194,7 ming nafar;
  • Turkiya – 157,7 ming nafar;
  • Saudiya Arabistoni – 111,9 ming nafar;
  • BAA – 81,4 ming nafar;

Gaz quyish shoxobchasidagi portlash

Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi.

Holat 7 oktyabr kuni soat 15:45 da Qarshi tumani Dasht mahallasi hududidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida kuzatilgan. «Kamaz-512» avtomobildan gaz saqlash sig‘imiga gaz quyish vaqtida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash oqibatida yong‘in yuzaga kelgan.

4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 10 daqiqada yetib kelib, 45 daqiqada olovni o‘chirgani ma’lum qilinmoqda.

Yong‘in oqibatida shoxobcha binosining 22 metr kvadrat maydonda tom qismi yonib zararlangan. Tan jarohati olgan va vafot etganlar yo‘q.

Hozir yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Ishchilar tok urishi oqibatida halok bo‘ldi

Buxoro viloyatida joylashgan nimstansiyada ikki mutaxassis halok bo‘ldi.«O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari» AJning xabar berishicha, hodisa 2024 yil 2 oktyabr kuni yuz bergan.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning «Buxoro magistral elektr tarmoqlari» filialiga qarashli 500 kilovolt kuchlanishli «Qorako‘l» podstansiyasida 2 nafar mutaxassis baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘lgan.

Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa to‘g‘risida shu kunning o‘zida tegishli organlarga xabar berilgan. Ayni paytda hodisa sabablari tegishli organlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Xabarda baxtsiz hodisa qay tarzda ro‘y bergani haqida ma’lumot berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: