Rossiya o‘z elchisi Antonovni AQShdan chaqirib oldi

Jahon 12:02 / 07.10.2024 8937

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov AQShdagi faoliyatini yakunlab, Moskvaga qaytmoqda. Bu haqda 5 oktyabr, shanba kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya axborot agentliklariga ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Antonov «Vashingtondagi xizmat safarini yakunlamoqda». Rossiyaning AQShdagi elchixonasi TASS agentligiga sobiq elchi bortida bo‘lgan samolyot Moskva vaqti bilan 5 oktyabr kuni kechqurun Moskvaga uchganini ma’lum qildi. Bu lavozimda Anatoliy Antonov o‘rniga kim kelishi haqida ma’lumot berilmagan.

2017 yilning avgustida Rossiyaning AQShdagi elchisi lavozimiga tayinlanishidan oldin Antonov Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Xavfsizlik va qurolsizlanish masalalari departamentida ishlagan. 2011-2016 yillarda u Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining o‘rinbosari, keyin esa Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Antonov xalqaro sanksiyalar ostida, xususan, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Shveytsariya va Britaniyada.

The Insider eslatishicha, 2022 yilning 20 fevralida Rossiya «DXR» va «LXR» mustaqilligini tan olishidan bir kun oldin va Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishidan to‘rt kun oldin Antonov Donbass va Luhansk Ukrainaning bir qismi ekanligini hamda Moskva qo‘shni davlatga bostirib kirib, uning hududini egallab olishni rejalashtirmayotganini aytgan. Keyinchalik u Rossiya rasmiylari tomonidan aytilgan har qanday bayonotlarni takrorlashda davom etdi.

Ko‘proq yangiliklar: