Italiyada erta qarish sindromiga chalingan 28 yoshli erkak vafot etdi

Jahon 21:55 / 07.10.2024 5866

Progeriya — erta qarish sindromiga chalingan va eng uzoq umr ko‘rgan italiyalik Semmi Basso 28 yoshida vafot etdi. Bu haqda Basso hamda uning ota-onasi tashkil etgan ushbu kasallikka qarshi kurashish assotsiatsiyasi xabar berdi.

«5 oktyabr kuni Semmi Basso o‘zi yaxshi ko‘rgan insonlar qurshovida bayramni nishonlaganidan keyin kutilmaganda vafot etdi», — deyiladi tashkilotning Facebookʼdagi sahifasida e’lon qilingan xabarda.

Basso 1995 yilda Italiyaning Skio shahrida dunyoga kelgan. Ikki yoshida unga Xatchinson-Gildord — progeriyaning bolalarda uchraydigan shakli tashxisi qo‘yilgan. Kasallik borasida yetarlicha ma’lumot yo‘qligi sabab Bassoning ota-onasi unga qarshi kurashuvchi assotsiatsiya — l’Associazione Italiana Progeria Sammy Basso'ga asos solgan.

Semmi Basso uning Chikagodan Los-Anjyelesga US 66 shossesi bo‘ylab sayohati haqida National Geographic tomonidan suratga olingan hujjatli filmdan keyin mashhurlikka erishdi. Shuningdek, u o‘z kasalligi haqida ma’lumot berish maqsadida televideniyeda chiqishlar qilib, intervyular berib kelardi.

2018 yilda Basso «tabiiy fanlar» mutaxassisligi bo‘yicha Padova universitetini tamomladi. U gen injyeneriyasi yordamida progeriyani davolash imkoniyatlariga bag‘ishlangan dissertatsiyani himoya qilgan. Oradan bir yil o‘tib, Bassoning aortal klapani almashtirilgan — bu progeriyaga chalingan bemorda o‘tkazilgan shu turdagi birinchi operatsiyadir. Shundan keyin u «Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» mamlakatning oliy ordeni kavaleriga aylandi.

Xatchinson-Gilford progeriyasi kam uchraydigan genetik kasallik bo‘lib, har 20 million kishining birida uchraydi. Hozirda dunyoda ushbu sindrom aniqlangan 130 ta holat qayd etilgan, ulardan to‘rttasi — Italiyada.

Progeriyada teri va ichki a’zolar o‘zgaradi, shuning uchun bemorlar yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinadi. Kasallik oqibatida hayot sifati ham pasayadi. Bunday kasallikka chalinganlar davolashsiz taxminan 13 yil yashaydi.

Ko‘proq yangiliklar: