G‘azoda urush boshlangan kun, atom bombasini sinagani gumonlanayotgan Eron va Qozog‘istondagi referendum - kun dayjesti

Jahon 13:46 / 07.10.2024 6817

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi genotsidga bir yil

2023 yilning 7 oktyabrida boshlangan adolatsiz urush G‘azo sektorini «arvoh hudud»ga aylantirdi va o‘n minglab odamlarning yostig‘ini quritdi.

Isroil armiyasining dengiz, quruqlik va havodan turib bergan yopirilma zarbalari eksklavning kulini ko‘kka sovurdi. Ulkan vayrongarchiliklar va moddiy zarar keltirib chiqardi.

Bir yil ichida Isroil 3,5 mingdan ziyod ommaviy qirg‘in o‘tkazib, o‘n minglab falastinliklar, asosan ayollar va bolalarni o‘ldirdi.

Shu paytgacha halok bo‘lganlar soni 41 ming 870 kishiga yetgan. Ularning 11 ming 378 nafari ayollar, 17 mingga yaqini yosh bolalardir. 97 ming 166 kishi yaralangan.

Yana 10 mingdan ziyod falastinliklar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ular yo bomba ta’sirida parchalanib ketgan, yoki vayron bo‘lgan uylarning qoldiqlari ostida qolmoqda.

Isroil o‘tgan bir yil ichida nafaqat minglab falastinliklarni yo‘q qildi. Atrof-muhitga ham tiklab bo‘lmas zarar yetkazdi. Humanitar krizis va vayrongarchiliklarga sabab bo‘lgan bombalashlar chog‘ida ko‘plab taqiqlangan usullar, jumladan, yondiruvchi oq fosforlardan ham foydalanilgan.

Isroil hujumlari chog‘ida G‘azodagi binolarning 54 foizdan 66 foizgachasi yoki qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan.

Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, zarbalar tinmayapti. 6 oktyabr kuni G‘azoning shimoliy hududlariga aviazarbalar berildi. Bu may oyidan buyon sodir etilgan eng yirik bombalash bo‘ldi. 30 kishi halok bo‘lgani, o‘nlab insonlar yaralangani aytilmoqda.

Jabaliya va Bayt-Laxiya shaharchalarining bombalanishidan so‘ng o‘likxonalarga o‘nlab falastinliklarning jasadlari yetkazilgan.

Jabaliyadagi qochqinlar lageriga Isroil harbiy texnikasi kirib kelgan va artilleriya qurollaridan falastinliklarning uylari o‘qqa tutilgan.

Eron harbiy qo‘mondoni qayerda?

Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining «Quds» kuchlari qo‘mondoni Ismoil Qooniy o‘tgan haftada Isroil aviazarbasi natijasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘ldirilgach, Livanga borgan. O‘tgan haftaning oxirida Bayrut bo‘ylab berilgan zarbalardan so‘ng u aloqaga chiqmayapti.

Bu haqda Reuters agentligiga Eron maxsus xizmatlarining ikki yuqori martabali vakili xabar bergan.

Mulozimlardan birining aytishicha, Qooniy Bayrutning Dahiya nomi bilan mashhur janubiy mavzelaridan birida bo‘lgan. O‘tgan juma kuni bu yerda “Hizbulloh”ning yuqori martabali yetakchilaridan biri Hoshim Safiuddin o‘ldirilgan edi. Biroq mulozim Qooniy Safiuddin bilan uchrashish niyatida bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tgan.

Mulozimga ko‘ra, o‘shandan buyon Eron va «Hizbulloh» Qooniy bilan aloqa o‘rnata olmayapti.

Ikkinchi mulozim ham Qooniy Nasrullohning o‘limidan so‘ng Livanga yo‘l olgani va Hoshim Safiuddin o‘ldirilgach, u bilan aloqa o‘rnatib bo‘lmayotganini aytgan.

«Hizbulloh» hozirgacha Safiuddin bilan bog‘liq vaziyatni izohlagani yo‘q.

Bu orada Eron Islom Respublikasi qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni oyatulloh Ali Xominaiy Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi havo kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizodani Fatx (G‘alaba) medali bilan taqdirlagan.

Bu mukofot «Haqqoniy va’da» operatsiyasi doirasida Isroilga havodan berilgan muvaffaqiyatli zarba uchun taqdim etilgan.

Eron atom bombasini sinadimi?

Eronda ro‘y bergan sirli zilzila yadroviy qurol sinovi bo‘lishi mumkin. O‘monlik professor Hamud al-Nufli X ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda shunday yozdi:

«Eron shu kunlarda yadroviy quroli borligini e’lon qilishi mumkin. Bu g‘arb davlatlari va Isroilda katta shok keltirib chiqaradi».

Rixter shkalasi bo‘yicha 4,4 balli zilzila 5 oktyabr kuni kechqurun Simnon viloyatida qayd etilgan. Eron ommaviy axborot vositalari ham hodisa haqida xabar berishgan. Biroq qo‘shni Armanistondagi geologik xizmat odatiy zilzilalar uchun xos bo‘lgan takroriy tebranishlar — aftershoklar sodir bo‘lmaganiga e’tibor qaratgan. Bu esa bir martalik kuchli portlashdan darak beradi.

Taqdim etilgan suratlarda to‘rtta davlatda atom bombasi va zilzila o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rsatilgan.

Eronda sodir bo‘lgan zilzilaning seysmografik naqshi ham atom bombasi sinovinikiga o‘xshash. Ayniqsa, Pokistonda sinalgan yadroviy bombanikini birga bir takrorlaydi.

Tabiiy zilzila grafigi kichikroq intensivlikda boshlanadi va maksimumga erishib, sekin-asta pasaya boshlaydi. Biroq atom bombasi chaqirgan zilzila bunday emas: u birdan maksimumga erishadi va tezda so‘na boshlaydi.

Shunday qilib, Armaniston tomonidan qayd etilgan ma’lumotlar o‘tgan kuni tunda o‘z atom bombasining dastlabki «qaynoq» sinovini amalga oshirganini tasdiqlashi mumkin.

Ukrainaga yordam

Niderlandiya Ukrainaga va’da qilingan dastlabki F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berganini tasdiqladi. Bu haqda yakshanba kuni Ukrainaga safar qilgan Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans shaxsan o‘zi xabar bergan.

U Ukraina qurolli kuchlari aynan nechta samolyotni qabul qilib olganiga aniqlik kiritmagan, biroq va’da qilingan 24 ta samolyotning qolganlari «kelgusi oylar ichida yetkazilishi»ni aytib o‘tgan.

«Bu shoshilinch tarzda zaruriyat edi. Men Xarkivda Rossiya aviazarbalaridan keyingi vayronlarni ko‘rdim va doim havo hujumidan ogohlantirish signallarini o‘z qulog‘im bilan eshitdim», — degan Brekelmans.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Niderlandiya Ukraina armiyasini zamonaviy kuzatuv, mudofaa va hujum dronlari bilan ta’minlash dasturiga 400 mln yevro ajratadi. «Ularning yarmi Niderlandiyada ishlab chiqariladi», — degan vazir.

Iyul oyining oxirlarida Britaniyaning Times nashri anonim manbalarga tayanib, Ukraina qurolli kuchlari allaqachon Niderlandiyadan 6 ta F-16 samolyotini qabul qilib olganini yozgan edi.

Times ma’lumotlariga ko‘ra, yil yakunigacha Ukraina 20 tacha F-16 qiruvchi samolyotlarini qabul qilib oladi. Bu samolyotlarni jumladan Belgiya va Norvegiya ham yetkazib beradi.

Avgust oyining oxirlarida g‘arb davlatlari tomonidan yetkazib berilgan F-16 lardan biri qulab tushgan edi. O‘shanda ukrainalik mashhur uchuvchi Oleksiy Mes halok bo‘lgandi.

Qozog‘istonda AES qurilishi ma’qullandi

Kecha, 6 oktyabr, yakshanba kuni Qozog‘iston fuqarolari umummilliy referendumda mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun ovoz berdi.

KTK telekanali tomonidan 6 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qilingan ovoz berishdan keyingi uchta ekzitpol natijalariga ko‘ra, saylovchilarning qariyb 70 foizi atom elektr stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlashgan.

Saylov komissiyasi rasmiy natijalarni 7 oktyabr, dushanba kuni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ishtirok etganlar taxminan 64 foizni tashkil qilgan.

Referendumda qatnashgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev atom elektr stansiyasini qurish rejasini «mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik loyiha» deb atadi. U atom elektr stansiyasi «eng zamonaviy texnologiyalarga ega global kompaniyalar konsorsiumi» tomonidan qurilishini yoqlab chiqdi. Fransiya, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun kurashmoqda.

Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekmoqda. Mamlakat atom elektr stansiyasi qurish bilan bu vaziyatni o‘zgartirishni maqsad qilgan.

Ayni paytda ko‘plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g‘oyasi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilayotganidan xavotirda.

Atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko‘li bo‘yida AES qurish rejalari ham tashvishga solmoqda. Ularning ta’kidlashicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: