Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp, agar qayta saylansa, ikkinchi muddati tugagunga qadar «amerikaliklar Marsga yetib boradi» deb va’da berdi. Bu haqda Tramp 5 oktyabr kuni avvalroq o‘ziga suiqasd uyushtirilgan Batlerdagi (Pensilvaniya) saylovoldi tashviqoti mitingida aytdi, deb yozdi Sky News.
Mitingda Tesla va SpaceX asoschisi, X ijtimoiy tarmog‘ining egasi Ilon Mask bir necha daqiqa sahnaga chiqdi. Tramp uni tanishtirar ekan, «so‘z erkinligini saqlab qolgani va ko‘plab ajoyib narsalarni yaratganini» aytdi. «Biz amerikalik astronavtlarni koinotga yuborishimiz mumkin bo‘lgan yagona sabab — Mask», dedi Tramp.
Trampning Batlerdagi mitingda qilgan nutqi an’anaviy bayonotlar va va’dalardan iborat bo‘ldi: «korrupsiyalashgan tizim» bilan kurashish, AQSh tashqi siyosatiga «hurmat»ni tiklash, Amerikaga jinoyatchilar kirib kelayotgan «ochiq chegaralar»ni yopish. U o‘z nutqini «Amerika orzusini qaytarish» va «har bir oilaga farovonlik» va’dasi bilan yakunladi.
AQSh prezidentlik saylovi 2024 yil 5 noyabrga belgilangan. 6 oktyabrdagi so‘rov natijalariga ko‘ra, Harris Trampdan 2,5 foiz punkt oldinda – 48,4 foizga nisbatan 45,9 foiz.