Samarqand shahrida tiklanayotgan yangi maktab binosi qurilishida qator qoidabuzarliklar aniqlangan. Bu haqda viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida sifatsiz qurilishlarning oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida shaharning Qorasuv massivida Meʼmor complex MChJ tomonidan qurilayotgan 1 800 o‘rinli maktab binosi qurilishi davomida qator qoidalar buzilgan.
Xususan, obekt bo‘yicha qurilish ishlarini tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilmagan, hududga olib kelingan qurilish materiallari tartibsiz holda saqlangan.
Obektda yuritilishi kerak bo‘lgan ijro jurnallari tegishli tartibda yuritilmagan, foydalanilayotgan materiallarining ishlab chiqarish sertifikatlari olinmagan hamda yopma plitalar me’yorlarga amal qilinmagan holda o‘rnatilgan.
«Bundan tashqari, binoning ikkinchi qavat devorlariga terilgan g‘ishtlarning vertikal va gorizontal oraliq choklari qorishma bilan to‘liq to‘ldirilmagani ham aniqlandi. Umuman olganda, yuqoridagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilishining asosiy sababi buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik nazorati o‘z vaqtida olib borilmaganidadir», — deydi inspeksiya mas’ul xodimi Carvar Bobonazarov.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan inspeksiya tomonidan bajaralishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan, sifatsiz ishlar joyida demontaj qildirilgan.