“Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
2025-2026 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim shakli joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishining sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.
2018-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarni tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli mablag‘larni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi.
2024 yil 1 oktyabrdan jismoniy shaxs bir paytning o‘zida bir nechta oilaviy nodavlat bog‘chada mehnat faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi bo‘yicha to‘lanadi.
2025 yil 1 sentabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi.
2025 yil 1 yanvardan qamrov darajasi past bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.