Toshkentda Ozarboyjon fuqarolaridan pul talab qilgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Jamiyat 08:42 8128

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Ozarboyjon Respublikasi fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgan chet ellik shaxslardan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

1983 yilda Ozarboyjon davlatida tug‘ilgan shaxs akasi bilan birga Bektemir tumanida joylashgan bozorda sitrus mevalarning savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.

Ushbu shaxs joriy yilning 10 yanvar kuni IIV Tezkor qidiruv departamentiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan 2024 yilning noyabr oylarida vaqtincha yashash uyida mehmondorchilik qilayotgan vaqtida ular orasida tushunmovchilik kelib chiqqanligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, jinoiy guruh vakili jabrlanuvchiga nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligini bahona qilib, 2024 yil 15 dekabr kuni o‘zining jinoiy sherigi, 1974 yilda Ozarboyjon davlatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsni Toshkent shahriga chaqirtirgan.

Uning yordamida jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazib, sha’niga aytilgan gaplar uchun javob berishi lozimligini va tovlamachilik yo‘li bilan 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan. Shundan 1 ming 500 AQSh dollarini 15 dekabr kuni olib ketgan bo‘lsa-da, yana 3 ming 500 AQSh dollarini talab qilib kelgan.

IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan 2025 yilning 10 yanvar kuni Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, gumonlanuvchilar tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelayotgan 3 ming 500 AQSh dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v”-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 3 nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksning 227-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: